
Respublika bo‘ylab 17–20 iyul kunlari kelishi kutilgan kuchli issiqlik to‘lqinlari aholini jiddiy sinov oldida qoldirishi mumkin. Bu galgi jazirama odatdagidek vaqtincha bo‘lib, ortidan salqin kunlar keladi, deb kutmang. Aksincha, ushbu issiq havo uzoq davom etishi mumkin, deya ogohlantirmoqda iqlimshunos Erkin Abdulahatov.
Kutilayotgan havo oqimlari g‘arb yo‘nalishidan kelib, dastlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Xorazm viloyatida o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Shundan so‘ng esa mamlakatning markaziy hududlari va aholi zich yashaydigan barcha viloyatlarga yetib boradi. Bu esa millionlab insonlar uchun noqulay va hatto xavfli sharoitlarni yuzaga keltiradi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, bu galgi issiqlik ortidan harorat keskin pasayib, salqinlik kirib kelmaydi. Ya’ni, respublika bo‘ylab bir necha kun emas, balki butun hafta davomida jazirama havo saqlanadi.
Ayniqsa, bunday ob-havo sharoiti qishloq xo‘jaligi sohasi uchun jiddiy xavf solishi mumkin. Bu to‘g‘rida mutaxassislar allaqachon dehqon va fermerlarga aniq tavsiyalar berishni boshlab yuborishgan.
Jumladan:
– Bog‘dorlar mevali daraxtlarni jaziramadan saqlash uchun maxsus to‘rlar yordamida himoya choralarini ko‘rishi;
– Paxtachilik bilan shug‘ullanuvchi fermerlar esa +45 darajagacha ko‘tarilishi mumkin bo‘lgan haroratdan oldin, tunda g‘o‘zalarni chuqur va yaxshi sug‘orib qo‘yishi zarurligi ta’kidlandi.
Havo haroratining keskin ko‘tarilishi inson salomatligiga ham jiddiy ta’sir o‘tkazishi mumkin. Shifokorlar issiq vaqtlarda to‘g‘ridan to‘g‘ri quyosh ostida yurmaslik, ko‘proq suv iste’mol qilish va asabiylikdan saqlanishni tavsiya etmoqda.
Shu bilan birga, mazkur issiqlik to‘lqini faqat bu hafta bilan cheklanib qolmasligi mumkin. Agar atmosfera sharoiti o‘zgarmasa, jaziramalar yana bir necha kunga cho‘zilishi ehtimoldan xoli emas.
Demak, yurtimizda qaytadan “dahshatli issiqlik” davri boshlanmoqda. Hamma ehtiyot bo‘lishi va tabiatning bu sinoviga oldindan tayyorgarlik ko‘rishi lozim. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar