date

O‘zbekiston va Rossiya aviaqatnovlar sonini oshirish bo‘yicha kelishib oldi

O‘zbekiston va Rossiya aviaqatnovlar sonini oshirish bo‘yicha kelishib oldi
Joriy yil 21-22 iyul kunlari Moskva shahrida O‘zbekiston va Rossiya aviatsiya hukumatlari o‘rtasida havo qatnovlarini rivojlantirish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi.

Mazkur tadbirda ikki davlat Transport vazirliklari delegatsiyalari, shuningdek, O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi vakillari ishtirok etdi. Muzokaralar chog‘ida bugungi kunda amaldagi aviaqatnovlar sonini oshirish hamda parvozlar geografiyasini kengaytirish va tomonlarning aviakompaniyalariga tegishli huquqlarni berish masalalari muhokama qilindi.

Muzokaralar natijasiga ko‘ra qator kelishuvlarga erishildi. Xususan, har bir mamlakat tayinlangan aviakompaniyalari tomonidan haftasiga:

- Toshkent – Moskva yo‘nalishida 50 tadan (jami 100 ta);
- Samarqand – Moskva yo‘nalishida 23 tadan (jami 46 ta);
- Buxoro – Moskva, Urganch – Moskva, Farg‘ona – Moskva, Namangan –Moskva yo‘nalishlarida 14 tadan (jami 112 ta);
- Toshkent – Sankt-Peterburg, Toshkent – Krasnoyarsk, Toshkent – Sochi yo‘nalishlarida 14 tadan (jami 42 ta);
- Termiz – Moskva yo‘nalishida 10 tadan (jami 20 ta);
- boshqa barcha shaharlar yo‘nalishlarida 7 tadan, ya’ni Rossiya aviatashuvchilari uchun ularning 80 ta xalqaro aeroportidan O‘zbekistonning barcha xalqaro aeroportlariga jami 560 ta, O‘zbekiston aviatashuvchilari uchun O‘zbekistonning barcha xalqaro aeroportlaridan yuqorida qayd etilganidan tashqari Rossiyaning eng yirik 29 ta xalqaro aeroportlariga jami 203 ta aviaqatnovni amalga oshirish huquqini berish;
- shuningdek, aviaqatnovlarni amalga oshirish chog‘ida 3 ta parvoz manzilini o‘zida birlashtiruvchi “uchburchak” shakldagi qatnovlarni amalga oshirish doirasida aviakompaniyalar soni bo‘yicha cheklovlarni bekor qilib, har bir kompaniyaga 5 tagacha shaharni tanlash huquqini berish.

Mazkur kelishuv doirasida har ikki mamlakat aviakompaniyalari barcha parvoz shaharlaridan samarali foydalangan holda haftasiga 1000 dan ortiq qatnovni amalga oshirish huquqiga ega bo‘ldi, ayni vaqtda ikki mamlakat o‘rtasida haftasiga jami 310 dan ortiq muntazam aviaqatnov bajarilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘zbekiston va Rossiya aviaqatnovlar sonini oshirish bo‘yicha kelishib oldi