
24-iyul kuni 2025–2026 o‘quv yili uchun OTMga kirish test sinovlari yakunlandi. Endilikda abituriyentlar uchun navbatdagi muhim bosqich — ta’lim muassasasi, yo‘nalish va shaklini tanlash jarayoni boshlandi. Bu tanlov uchun 15 kun vaqt ajratilgan bo‘lib, taxminan 7-avgustgacha davom etadi.
Tanlov tartibi qanday?
O‘tgan yildan boshlab oliy ta’limga qabul “avval test, keyin tanlov” tamoyili asosida amalga oshirilmoqda. Endi esa abituriyentlar quyidagi tartibda OTM va yo‘nalishlarni belgilashlari mumkin:
1. Platformaga kirish
Abituriyentlar my.uzbmb.uz platformasiga kirib, “Oliy va professional ta’lim muassasalariga qabul” bo‘limini ochishlari, so‘ng “Xizmatdan foydalanish” tugmasini bosib, “OTM tanlash” bo‘limiga o‘tishlari lozim.
2. OTM va yo‘nalish tanlash
Har bir abituriyent:
Test topshirgan fanlar majmuasi va ta’lim tili asosida, beshtagacha OTM va ta’lim yo‘nalishini kunduzgi, sirtqi yoki kechki shaklda tanlashi mumkin.
Bunda bir nechta yo‘nalishni bitta yoki turli oliygohlar doirasida tanlash mumkin. Shuningdek, “Tanlov ustuvorligi” va “Maqsadli qabul” parametrlarini ham belgilash talab etiladi.
3. Ma’lumotlarni tasdiqlash
Tanlov yakunida “Saqlash” tugmasi bosiladi. Shundan so‘ng abituriyentning telefon raqamiga tasdiqlovchi SMS-kod yuboriladi. Kod kiritilgach, tanlov rasmiylashtiriladi.
4. Qayd varaqasi
Tanlov yakunida tizimda “Abituriyent qayd varaqasi” shakllanadi. Unda:
Tanlangan OTMlar, ta’lim shakli, yo‘nalishlar aks etgan bo‘ladi. Abituriyent bu varaqani yuklab olishi yoki istasa keyinchalik o‘zgartirish kiritib, qayta yuklab olishi mumkin.
Yakuniy natijalar qachon e’lon qilinadi?
OTM va ta’lim yo‘nalishlarini tanlash muddati tugagach, bir hafta ichida — ya’ni taxminan 14-avgustgacha talabalikka tavsiya etilgan nomzodlarning yakuniy ro‘yxati e’lon qilinadi.
Natijalar Davlat qabul komissiyasi tomonidan rasman e’lon qilinadi. Rasmiy manbalarni kuzatib borish tavsiya etiladi.
Eslatma: Qabul kvotalari
Avvalroq e’lon qilingan davlat kvotalariga ko‘ra:
-
Bakalavriat uchun — 35 500 o‘rin
-
Magistratura uchun — 9 922 o‘rin
Qabul kvotalari faqat kunduzgi ta’lim shakliga tegishli.