date

Egasiz ko‘chmas mol-mulkni davlat mulkiga o‘tkazish tartibi tasdiqlanadi

Egasiz ko‘chmas mol-mulkni davlat mulkiga o‘tkazish tartibi tasdiqlanadi
"Egasiz ko‘chmas mol-mulklarni aniqlash, ularni hisobga olish va davlat mulkiga o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida"gi hukumat qarori loyihasi ishlab chiqildi.

Fuqarolik kodeksining 191-moddasiga muvofiq egasi bo‘lmagan yoki egasi noma’lum bo‘lgan ashyo egasiz ashyo hisoblanadi.

Egasiz ko‘chmas ashyo hisobga olinganidan keyin bir yil muddat o‘tgach, davlat mol-mulkini boshqarishga vakolati bo‘lgan organ yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi bu ashyoni davlat mulkiga yoki fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organi mulkiga kirgan deb hisoblash to‘g‘risidagi talab bilan sudga murojaat etishi mumkin.

Prezidentning «2025 yil uchun xususiylashtirish dasturi to‘g‘risida»gi farmoni bilan Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga 2025 yil 1 oktyabrdan boshlab egasiz ko‘chmas mulk obyektlarini davlat mulki obyekti sifatida davlat ro‘yxatiga olish bo‘yicha sudlarga da’vo arizalarni kiritish huquqi berilgan.

Belgilanishicha, egasiz ko‘chmas mol-mulklarni (uy-joy fondidan tashqari) aniqlash, egasiz ko‘chmas mulk obyektlarini davlat mulki obyekti sifatida davlat ro‘yxatiga olish bo‘yicha sudlarga da’vo arizalarni kiritish hamda davlat tasarrufiga o‘tkazilgan obyektlaridan samarali foydalanish vazifalari – Davlat aktivlari agentligi huzuridagi Davlat mulki obyektlaridan samarali foydalanish markazi tomonidan amalga oshiriladi.

Quyidagilarni nazarda tutuvchi egasiz ko‘chmas mol-mulklarni aniqlash, ularni hisobga olish va davlat mulkiga o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanadi:

- egasiz ko‘chmas mol-mulklarni aniqlash, ularni hisobga olish va davlat mulkiga o‘tkazish tartibini belgilash;
- Davlat aktivlarini boshqarish agentligi organlariga ko‘chmas mol-mulklarni egasiz ko‘chmas mol-mulk deb e’tirof etishi va davlat mulkiga o‘tkazish to‘g‘risidagi talab bilan sudga murojaat qilish huquqini berish.

Raqamli texnologiyalar vazirligi Davlat aktivlari agentligi bilan birgalikda:

- egasiz bino va inshootlarni aniqlash hamda hisobini yuritish bo‘yicha maxsus elektron axborot tizimini ishlab chiqadi;
- mazkur qarorda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun ushbu axborot tizimini boshqa axborot tizimlari bilan «Elektron hukumat» tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali integratsiya qilinishini ta’minlaydi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Egasiz ko‘chmas mol-mulkni davlat mulkiga o‘tkazish tartibi tasdiqlanadi