date

Mobiuz xususiylashtirish jarayonida 15 ta kompaniya ishtirok etmoqda

Mobiuz xususiylashtirish jarayonida 15 ta kompaniya ishtirok etmoqda

Oʻzbekiston Davlat aktivlarini boshqarish agentligi “Universal Mobile Systems” (Mobiuz) uyali aloqa operatorini xususiylashtirish borasida navbatdagi ma’lumotlarni oshkor qildi.

Savdo jarayoni va ishtirokchilar

Iyun oyida start olgan ommaviy savdo jarayonida strategik va moliyaviy maslahatchilar sifatida KPMG hamda Rothschild & Co jalb qilingan. Ikki oy davomida ular 100 dan ortiq potensial investorlar bilan muzokaralar olib bordi.

2025 yil 1 avgust kuni soat 18:00 (Toshkent vaqti)ga qadar AQSh, Yevropa, Arab davlatlari, Yaqin Sharq, Kavkazorti, Sharqiy va Markaziy Osiyodan jami 15 ta xorijiy va mahalliy kompaniya aktivni sotib olishga qiziqish bildirgan.

Talablar va keyingi bosqich

Barcha murojaatlar belgilangan mezonlar boʻyicha tekshirildi:

  • moliyaviy imkoniyatlarning yetarliligi;

  • huquqiy toʻsiqlar yoʻqligi;

  • jinoyiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi qonunchilikka rioya etilishi;

  • YI, AQSh yoki xalqaro moliya institutlari sanktsiyalar roʻyxatiga kirmaslik;

  • davlat kompaniyasi maqomiga ega boʻlmaslik.

Shu talablarni bajargan ishtirokchilar tenderning keyingi bosqichi — majburiyatsiz takliflarni taqdim etish jarayoniga oʻtkaziladi. Ular bilan axborotni oshkor etmaslik toʻgʻrisida shartnoma imzolanganidan soʻng, axborot memorandumi va aktiv haqidagi boshqa ma’lumotlarga kirish huquqi beriladi.

Majburiyatsiz takliflar 2025 yil 15 oktyabr, soat 23:59 (Toshkent vaqti)gacha qabul qilinadi.

Mobiuz haqida qisqacha

Mobiuz — Oʻzbekistondagi toʻrtinchi yirik mobil operator. Fitch Solutions ma’lumotlariga koʻra, 2024 yil oxirida mamlakat mobil bozorida 35,6 mln abonent boʻlgan, shulardan 20,9% Mobiuz hissasiga toʻgʻri keladi.

2024 yilda kompaniya 164 mln dollar sof daromad va 41 mln dollar EBITA koʻrsatkichini qayd etgan.

Investorlar va kutilgan summa

Kompaniya xususiylashtirilishi 2025 yil iyun oyida e’lon qilingan. Ilk bosqichda Qatar, Saudiya Arabistoni, Ozarboyjon va Yevropadan investorlar qiziqish bildirgan.

Bloomberg’ning xabar berishicha, hukumat Mobiuz sotuvidan 300 mln dollar jalb etishni maqsad qilgan. Davaktiv bevosita izoh bermagan, ammo maqolaning asosiy tezislarini oʻz kanalida joylashtirgan.

Savollar ochiq qolmoqda

Kun.uz tahririyati Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga qator savollar yoʻllagan, ammo qariyb bir oydirki, javob olmagan:

  • Bloomberg tezislarini e’lon qilishdan maqsad nima boʻlgan?

  • Mobiuz narxi haqidagi reja aniq 300 mln dollar yoki undan koʻpmi?

  • Potensial xaridorlar uchun investitsiya, xizmat sifati, ish oʻrinlarini saqlash kabi qoʻshimcha shartlar bormi?

  • Rothschild & Co ishtirokining aniq funksiyalari nimalardan iborat?

  • 2013 yildagi MTS bilan bogʻliq musodara va milliylashtirish holatlari xorijiy investorlarga qanday tushuntirilayapti?

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Mobiuz xususiylashtirish jarayonida 15 ta kompaniya ishtirok etmoqda