date

O‘zbekiston Falastin fuqarolari uchun qulay shart-sharoitlar yaratmoqda

O‘zbekiston Falastin fuqarolari uchun qulay shart-sharoitlar yaratmoqda

So‘nggi paytda Falastindagi vaziyat jahon hamjamiyatining diqqat markazida bo‘lib kelmoqda. BMTning Jahon oziq-ovqat dasturi ma’lumotlariga ko‘ra, G‘azo aholisining to‘rtdan bir qismi ochlikka yaqin sharoitda yashamoqda. 100 mingga yaqin ayollar va bolalar to‘yib ovqatlanmaslikning og‘ir shaklidan aziyat chekmoqda va shoshilinch davolanishga muhtoj.

O‘zbekiston harbiy harakatlar boshlanganidan buyon mojaroni xalqaro huquq normalari asosida tinch yo‘l bilan tezroq hal etish tarafdori bo‘lib kelmoqda.

2023 yil 3 noyabr kuni prezident Sh.Mirziyoyev tomonlarni zudlik bilan harbiy harakatlarni to‘xtatishga, o‘t ochishni to‘xtatishga va gumanitar maqsadlarda sulhga o‘tishga chaqirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu muammoning yagona va eng adolatli yechimi "ikki xalq uchun ikki davlat" tamoyili asosida qabul qilinishi kerak. BMT rezolyutsiyalarida belgilanganidek, Falastin xalqi mustaqil davlat tuzish huquqiga ega.

2023 yil noyabr oyida Sh.Mirziyoyev BMTning Yaqin Sharq agentligiga (UNRWA) G‘azo sektoridagi falastinlik qochqinlarga yordam berish uchun 1,5 million dollar ajratish to‘g‘risidagi qarorni imzolagan edi.

2024 yil 26 dekabr kuni 100 nafar yaralangan falastinlik ayollar va bolalar kuzatuvchilari bilan birga Rafahdan O‘zbekistonga evakuatsiya qilindi. Falastindan O‘zbekistonga olib kelingan fuqarolarning munosib hayot kechirishi uchun barcha zarur sharoitlar yaratildi.

Ular vaqtincha yashash joylariga joylashtirildi, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, kerakli dori-darmonlar va kundalik ehtiyojlar bilan to‘liq ta’minlandi.

O‘zbekiston rahbariyati qilingan ishlar bilan cheklanib qolmasdan, falastinlik mehmonlarning jamiyatimizga moslasha olishlariga yanada ko‘mak berish uchun qo‘shimcha choralar ko‘rishga qaror qildi.

Shu munosabat bilan joriy yilning 14 avgust kuni bu yo‘nalishda alohida chora-tadbirlardan iborat prezident farmoni qabul qilindi. Uning maqsadi – O‘zbekistondagi falastinlik fuqarolarga davlat g‘amxo‘rligi, mehr-shafqat tamoyillari asosida ko‘mak berish tizimini yo‘lga qo‘yishdan iborat.

Hujjatda og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan bir guruh falastinliklarga manzilli yordam ko‘rsatish ko‘zda tutilgan. Xususan, ularga ijtimoiy va tibbiy xizmatlar, ta’lim olish va ishga joylashish kabi imkoniyatlar berilishi belgilandi.

Jumladan, mehmonlarni jamiyatimizga integratsiya qilish ishlarini jadallashtirish, ularning ehtiyojlarini aniqlash ishlarini tashkil qilish uchun davlat muvofiqlashtirish mexanizmi yaratilmoqda.

Falastin fuqarolarining O‘zbekistonda tez va munosib moslashuvini ta’minlash maqsadida maxsus Respublika komissiyasi tuzilib, uning asosiy vazifalari sifatida quyidagilar belgilandi.

Birinchidan, mehmonlar uchun yaratilgan imkoniyatlar to‘liq amalga oshirilishi uchun davlat organlari va tashkilotlarining ishi muvofiqlashtiriladi.

Ikkinchidan, mehmonlarning mamlakat bo‘ylab joylashuvi tashkil etilib, ularni manzilli ravishda o‘rnashtirish va bu jarayon bilan bog‘liq tashkiliy masalalar tezkor hal qilinadi.

Uchinchidan, komissiya mehmonlarning jamiyatga uyg‘unlashuviga doir masalalarni doimiy ravishda muhokama qilib, mavjud muammolar va to‘siqlarni bartaraf etish yo‘llarini izlaydi.

To‘rtinchidan, Respublika komissiyasi bir oy ichida mehmonlarning ehtiyojlari va mavjud imkoniyatlarni o‘rganib, har bir oila uchun ijtimoiy xizmatlar va yordam ko‘rsatish bo‘yicha aniq rejalar ishlab chiqadi va tasdiqlaydi.

Komissiyaning ishchi organi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi belgilanmoqda.

Mahalla darajasida mehmonlar bilan bevosita ishlar “mahalla yettiligi” va “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tomonidan amalga oshiriladi. Bu borada mehmonlarni mahallaning ma’naviy muhitiga uyg‘unlashtirish bo‘yicha “mahalla yettiligi” va boshqa vakillarga qo‘shimcha vazifalar yuklatildi.

Shuningdek, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Yoshlar ishlari agentligi va Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi bir oy ichida “mahalla yettiligi”ga yuklatilgan yangi vazifalarga asoslanib, ichki dasturlarni ishlab chiqadi va reja-jadvalga muvofiq zarur choralarni amalga oshiradi.

Ushbu yondashuv mehmonlarni samarali qo‘llab-quvvatlash va ularning yangi muhitga tez moslashishini ta’minlashga xizmat qiladi.

Farmon bilan falastinlik mehmonlarni ijtimoiy xizmat va yordamlar bilan qamrab olish ham nazarda tutilmoqda.

Mehmonlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash uchun Ijtimoiy himoya milliy agentligiga quyidagi vazifalar yuklatildi:

– Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda ikki oy ichida nogironlikka olib keluvchi kasalliklarga chalingan mehmonlarga qonunda belgilangan davolanish muddatidan qat’i nazar nogironlik statusini berishni ta’minlaydi;

– ikki hafta ichida yetarli ish stajiga ega bo‘lmagan keksa mehmonlarga nafaqa tayinlashni yo‘lga qo‘yadi.

Bundan tashqari, mehmonlar uchun qo‘shimcha imtiyozlar belgilandi:

– har bir mehnat yoshidagi mehmonga (I va II guruh nogironlaridan tashqari) har oy minimal iste’mol xarajatlari miqdorida yashash nafaqasi to‘lanadi;

– mehmonlar oilalariga yashash joyi uchun ijara xarajatlari qoplab beriladi;

– farzand tug‘ilganda va dafn marosimi uchun beriladigan bir martalik nafaqalar O‘zbekiston fuqarolariga to‘lanadigan miqdorda amalga oshiriladi;

– har bir oilaga birlamchi zaruriy vositalar (nooziq-ovqat mahsulotlari) xaridi uchun bir martalik ko‘tarma puli to‘lanadi;

– har bir oilaga individual yordam ko‘rsatish uchun mahalladagi ijtimoiy xodim biriktiriladi, u oilaning ehtiyojlari va talablarini qondirishga ko‘maklashadi.

Bu choralar mehmonlarning turmush darajasini yaxshilash va ularga ko‘proq e’tibor qaratishga xizmat qiladi.

Farmonda alohida urg‘u falastinlik mehmonlarning farzandlarini ta’limga jalb qilishga berilgan.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi mehmonlar farzandlarining ta’lim olishiga ko‘maklashadi:

– mehmonlar yashaydigan joyga qarab, bolalarni davlat maktablari va bolalar bog‘chalariga joylashtiradi;

– har bir bolaning o‘quv va tarbiya jarayoniga moslashishi uchun maktab va bog‘chalardagi rahbar o‘rinbosarlarini mas’ul qilib tayinlaydi;

– Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan hamkorlikda bolalarning ta’limga ko‘nikishi va ularning rivojlanishini doimiy nazorat qilish choralarini ko‘radi.

Bu qadamlar mehmonlar farzandlariga yurtimizda yaxshi ta’lim olish va muhitga tez moslashish imkonini beradi.

Mehmonlar va ularning farzandlariga ta’lim sohasida qulaylik yaratish maqsadida quyidagi ishlar amalga oshiriladi:

bolalar bog‘chalarida imtiyozlar.

Mehmonlarning farzandlari davlat bolalar bog‘chalariga bepul qabul qilinadi. Ota-onalar 2028 yil 1 yanvargacha bog‘cha xizmatlari uchun to‘lovdan ozod qilinadi;

navbatsiz joylashtirish.

Mehmonlarning bolalari davlat bog‘chalari va maktablariga “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlarining talabnomasi asosida navbatsiz qabul qilinadi;

qo‘shimcha ta’limda imkoniyatlar.

Mehmonlar farzandlariga maktablarda qo‘shimcha ta’lim (kasb-hunar, axborot texnologiyalari va oliy ta’limga tayyorgarlik) bepul taqdim etiladi. Bu xarajatlar to‘liq davlat budjeti hisobidan qoplanadi;

xorijiy diplomlarni tez tan olish.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi mehmonlarning xorijda olingan ta’lim hujjatlarini 2 oy ichida tessiz va yig‘imsiz tan oladi.

Ushbu choralar mehmonlar va ularning oilalariga O‘zbekistonda ta’lim olish va muhitga tez moslashish uchun keng imkoniyatlar yaratadi.

Farmon bilan, shuningdek, falastinlik mehmonlarning sog‘lig‘ini qo‘llab-quvvatlash ham nazarda tutilgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi mehmonlarni yashash joyiga yaqin oilaviy shifokor punktlari, poliklinikalar va tuman (shahar) markaziy poliklinikalarida ro‘yxatga olishni ta’minlaydi.

Mehmonlarga davlat budjeti hisobidan tibbiy yordam ko‘rsatishda kambag‘al oilalarga beriladigan imtiyozlar qatorida yordam yo‘llanmalari ajratiladi.

Bu choralar mehmonlarga tez va sifatli tibbiy xizmat olish imkonini beradi.

Farmonda falastinlik mehmonlarga O‘zbekistonda ish, kasbiy bandlik masalasida ham yordam berish alohida topshiriq sifatida ko‘rsatib o‘tilgan.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi bir oy ichida mehmonlarning ish topishiga yordam berish va ularga zamonaviy kasb-hunar o‘rgatish bo‘yicha takliflar tayyorlaydi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Markaziy bank, Xalq banki va boshqa tijorat banklari mehmonlarni tadbirkorlikka jalb qilish uchun amaliy choralar ko‘radi. Bu borada “Oilaviy tadbirkorlik”, “Kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash”, “Biznesga birinchi qadam” va “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturlaridan foydalaniladi.

Mehmonlarga moliyaviy yordam ko‘rsatish, buyurtmalar qabul qilish va ajratilgan mablag‘larning sarflanishini nazorat qilish mahalla bankirlari va hokim yordamchilari zimmasiga yuklanadi.

Farmonda, shuningdek, falastinlik mehmonlarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlarini amalga oshirish bilan bog‘liq barcha ishlarni moliyalashtirish ham nazarda tutilgan va uning mexanizmi belgilangan.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi qoshida maxsus jamg‘arma tashkil etiladi. Ushbu jamg‘arma mehmonlarning ehtiyojlarini qondirish va ularga ko‘maklashish uchun moliyaviy manba bo‘lib xizmat qiladi.

Jamg‘arma qanday shakllanadi?

– yuridik va jismoniy shaxslarning xayriya va homiylik yordamlari;

– xalqaro tashkilotlarning grantlari va qonunda taqiqlanmagan boshqa manbalar;

– jamg‘armaning vaqtincha ishlatilmagan pullarini bank depozitlariga qo‘yishdan olinadigan foizlar.

Pul qayerga sarflanadi?

– mehmonlar uchun zarur shart-sharoitlar yaratish va xizmatlarni tashkil etishga;

– turli xarajatlarni qoplash va qo‘llab-quvvatlash tadbirlariga;

– moddiy yordam va ijtimoiy yordam choralarini amalga oshirishga.

Bu jamg‘arma mehmonlarning muammolarini yengillashtirish va ularga yanada yaxshi sharoitlar yaratishga xizmat qiladi.

Maxsus jamg‘arma qanday boshqariladi?

Mehmonlarni qo‘llab-quvvatlash uchun tashkil etilgan maxsus jamg‘arma mablag‘lari Respublika komissiyasining qaroriga ko‘ra sarflanadi. Xarajatlar yo‘nalishlariga o‘zgartirish kiritish ham faqat shu komissiya qarori bilan amalga oshiriladi.

Mehmonlarga jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan berilgan uy-joy yoki transport vositalari kabi mol-mulklar mahalliy hokimliklar balansiga o‘tkaziladi va ularni boshqarish Respublika komissiyasiga yuklatiladi.

Bu tartib jamg‘armadan foydalanishda ochiqlik va tartib-intizomni ta’minlaydi, mehmonlarga yordam esa yanada uyushqoqlik bilan amalga oshiriladi.

Falastinlik fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash choralari nafaqat rahm-shafqat akti, balki mamlakatning gumanitar sohadagi ishonchli hamkor sifatidagi xalqaro imijini mustahkamlash yo‘lidagi strategik qadamdir.

Ushbu tashabbuslar O‘zbekistonning insonparvarlik siyosati, qadriyatlariga sodiqligi va falastinliklarga nafaqat vaqtincha yordam, balki ularning jamiyatga to‘laqonli integratsiyasi uchun mustahkam poydevor yaratishga xizmat qiladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘zbekiston Falastin fuqarolari uchun qulay shart-sharoitlar yaratmoqda