O‘zbekiston futboli rivoji yo‘lida yana bir muhim qadam qo‘yildi. Prezident qaroriga muvofiq, davlatga tegishli stadionlar va futbol maydonlarini xususiylashtirish yoki ularning maqsadini o‘zgartirish qat’iy ravishda taqiqlandi.
Bu qaror 21 avgust kuni qabul qilingan bo‘lib, unga ko‘ra Kadastr agentligi axborot tizimida futbol stadionlari va maydonlarining foydalanish maqsadini o‘zgartirish hamda sotish imkoniyatini yo‘qotuvchi maxsus cheklov kiritiladi.
Xatlov va ma’lumotlar elektron tizimga kiritiladi
2025 yil oxirigacha davlatga tegishli barcha stadion va maydonlar to‘liq xatlovdan o‘tkaziladi. Keyin esa ular haqidagi ma’lumotlar 2026 yil iyuliga qadar “Milliy futbol elektron platformasi”ga joylashtiriladi. Shu bilan birga, egasi aniqlanmagan stadion va maydonlar ham davlat ro‘yxatidan o‘tkazilib, huquqiy maqomi belgilanadi.
Eslatib o‘tish joiz, 2024 yil boshida “Paxtakor” klubi va uning stadioni sotuvga qo‘yilishi jamoatchilikda katta e’tirozlarga sabab bo‘lgan edi. Hatto tadbirkor Jahongir Ortiqxo‘jayev “tekinga bersa olaman, pulga bersa olmayman”, degan gapi bilan katta bahslarga sabab bo‘lgan.
Har bir mahallaga futbol maydoni dasturi
Prezident qarorida belgilangan yana bir muhim yangilik — 2025 yil 1 oktyabrdan start oladigan “Har bir mahallaga futbol maydoni” dasturi hisoblanadi.
Dasturga ko‘ra:
Davlat mulkidagi bo‘sh yerlar auksionga chiqariladi va ularning ma’lum qismida futbol maydoni barpo etilishi shart qilinadi. Shuningdek, maydon maqsadi kamida 10 yil davomida o‘zgartirilmasligi qat’iy talab qilinadi.
Yer maydonining qolgan qismi bo‘yicha g‘olib tadbirkor qonunchilik asosida undan foydalanishi mumkin bo‘ladi.
Agar yer uchastkalari uch oy davomida sotilmasa, ularning bahosi bosqichma-bosqich 10 foizdan pasaytiriladi, ammo ko‘pi bilan 50 foizgacha. Shu bilan birga, to‘lovni uch yil mobaynida bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati beriladi.
Hokimlarga 2025 yil dekabr oyiga qadar manzilli dastur ishlab chiqib, mahallalarda futbol maydonlari qurilishi yuzasidan aniq reja tasdiqlash topshirildi.
Yana qator yangiliklar
Qaror doirasida futbolga oid boshqa tashabbuslar ham amalga oshiriladi:
O‘zbek legioner futbolchilariga maktab va klub ochish uchun yer ajratiladi.
Futbol o‘yinlariga chipta sotishda xaridorlar identifikatsiyadan o‘tkaziladi.
Milliy futbol axborot tizimi ishga tushiriladi.
Mutasaddilar ta’kidlashicha, ushbu choralar orqali futbol infratuzilmasi tubdan takomillashib, aholi, ayniqsa yoshlar uchun keng imkoniyatlar yaratiladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!