30-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz jamoat va diniy tashkilotlar bilan samarali hamkorlik aloqalari o‘rnatishda faoliyat ko‘rsatgan sobiq davlat maslahatchisi, marhum Rustam Sobirovich Qosimovni “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan rasman taqdirladi. Bu haqda tegishli farmon 30-avgustda imzolanishi ma’lum qilingan.
Farmonda ta’kidlanishicha, marhum Qosimov o‘zining keng bilimlari va yuqori salohiyati, tashabbuskorligi va tashkilotchilik qobiliyati orqali yurtimizda sog‘liqni saqlash tizimi, ta’lim-tarbiya jarayonlari, ilm-fan, diplomatiya, madaniyat va sport sohalarining rivojlanishiga muhim hissa qo‘shgan. Shuningdek, u yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash, millatlar va dinlararo hamjihatlikni mustahkamlash, barqarorlik va tinchlikni ta’minlash, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashda ko‘rsatgan ibratli xizmatlari bilan ham e’tirof etilmoqda.
Farmonda shunday deyiladi:
“Mamlakatimiz mustaqilligini va uning ma’naviy asoslarini mustahkamlash, o‘zining katta bilim va salohiyati, tashabbuskorlik va tashkilotchilik fazilatlari bilan yurtimizda sog‘liqni saqlash, ta’lim-tarbiya, ilm-fan, diplomatiya, madaniyat va sport sohalarini rivojlantirish, yuqori malakali kadrlarni tayyorlashga qo‘shgan ulkan hissasi, jamiyatimizda tinchlik va barqarorlik, millatlar va dinlararo do‘stlik va hamjihatlikni kuchaytirish, milliy va umumbashariy qadriyatlarni keng targ‘ib etish, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash yo‘lida ko‘rsatgan jonbozligi hamda tavalludining 70-yilligi munosabati bilan taniqli davlat va jamoat arbobi, olim va pedagog, marhum Qosimov Rustam Sobirovich “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlansin”.
Ma’lumot uchun, Rustam Qosimov 1956-yil 30-avgustda Toshkent shahrida tug‘ilgan. U turli yillarda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri, Bosh vazirning ta’lim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy sohalar va yoshlar siyosati bo‘yicha o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan. Shuningdek, u Prezidentning fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash va sport sohalarida davlat maslahatchisi, shuningdek, jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha davlat maslahatchisi sifatida ham xizmat qilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar