date

Ichki ishlar tizimida dronlar orqali nazorat ishlari boshlandi

Ichki ishlar tizimida dronlar orqali nazorat ishlari boshlandi

Ichki ishlar organlarida huquqbuzarliklarni oldini olish, shuningdek ularni tez va samarali aniqlash maqsadida uchuvchisiz uchish apparatlari – dronlardan foydalanish boshlandi. Bu haqda IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Rahimjon Nayimov axborot berdi.

Ma’lum qilinishicha, Ichki ishlar vazirligi tizimida dronlardan birinchi navbatda Buxoro viloyatida foydalanish boshlangan. 2024-yilda davlat rahbarining Buxoro viloyatiga tashrifi chog‘ida berilgan topshiriq asosida viloyat hokimligi tomonidan umumiy 150 ta zamonaviy dronlar xarid qilingan edi.

“Hozirda 5 ta viloyatning 84 ta huquqni muhofaza qilish maskanlari xodimlarini dronlar bilan ta’minlash choralari amalga oshirilmoqda. Ushbu qurilmalar vazirlik tomonidan sotib olindi. Shuningdek, yaqin kelgusida yana dronlar xarid qilish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. 2026-yil oxiriga qadar barcha tuman va shahar bo‘limlarini uchuvchisiz uchish apparatlari bilan to‘liq ta’minlash rejalashtirilgan”, deydi Rahimjon Nayimov.

Vazirlik vakili ta’kidlashicha, dronlar asosan kriminogen vaziyati og‘ir bo‘lgan hududlarda huquqbuzarliklarning oldini olish, mayda bezorilik, ekologik qoidalarni buzish va giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq qonunbuzarliklarni aniqlash hamda profilaktika choralarini amalga oshirishda foydalanilmoqda.

“Dronlar orqali havodan nazorat olib boriladi, aniqlangan holatlar bo‘yicha ichki ishlar xodimlari tezkor choralar ko‘radi. Uchuvchisiz uchish apparatlari huquqbuzarliklarni aniqlash va ularning oldini olishda sezilarli darajada samara beryapti”, deydi u.

Qo‘shimcha qilinishicha, profilaktika katta inspektorlari dronlarni samarali uchirish va boshqarish bo‘yicha doimiy ravishda malakasini oshirib borish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan. Shuni ham ta’kidlash kerakki, 2024-yilning aprel oyida Ichki ishlar organlari faoliyatida dronlardan foydalanish joriy etilishi e’lon qilingan edi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Ichki ishlar tizimida dronlar orqali nazorat ishlari boshlandi