date

O‘zbekistondagi yerlarning 96 foizi elektron xaritaga kiritildi

O‘zbekistondagi yerlarning 96 foizi elektron xaritaga kiritildi

Respublika aerogeodeziya markazi ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi uch yil ichida mamlakatimizdagi barcha yer maydonlarining 96 foizi elektron raqamli xaritalarga kiritildi. Bu haqda Respublika aerogeodeziya markazi bo‘lim boshlig‘i I.Toshtanov ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, topografik syomka ishlarini samarali tashkil qilish uchun maxsus samolyot, aerofotokamera hamda 112 ta dron xarid qilingan. Shuningdek, sohada 6 ta axborot tizimi va ma’lumotlar markazi faoliyat boshlagan. Natijada zaxiradagi 1,2 million gektar qishloq xo‘jaligi yerlariga kadastr hujjatlari rasmiylashtirilgan va 675 ming aholi hamda fermerlarga 425 ming gektar yer ajratilgan.

Respublikamizdagi yer fondi toifalari bo‘yicha hududlar kesimida monitoring ishlari va xatlovlar muntazam amalga oshirilmoqda. So‘nggi yillarda yer resurslarini samarali boshqarish va ulardan oqilona foydalanish yangi bosqichga chiqdi. Buning natijasida mamlakatimizdagi barcha yer maydonlarida bosqichma-bosqich xatlov olib borilmoqda.

Qishloq xo‘jaligi yer toifasida bo‘lgan, amalda sanoat yoki boshqa maqsadlarda foydalanilayotgan yer maydonlari to‘liq xatlovdan o‘tkazildi va Hukumat komissiyasiga takliflar kiritildi. Respublika aerogeodeziya markazi yetakchi mutaxassislari ushbu yer maydonlarini xatlovdan o‘tkazib, elektron xaritalari yaratildi.

Ushbu ishlar Tecnam P2006T rusumli samolyotda olingan aerofotosuratlar yordamida amalga oshirilgan. Ortofoplanlar tuzilgan va xaritaga olinayotgan hududlardagi har bir obyekt yuqori aniqlikda mavzuli deshifrovka qilingan.

Hozirgi kunga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Samarqand, Surxondaryo va Xorazm viloyatlari bo‘yicha yer hisobida ko‘rsatilgan yer maydonlarining amaldagi holati o‘rganilgan. Xorazm viloyatidagi yer fondining barcha 8 ta toifasi bo‘yicha ma’lumotlar tahlil qilinib, ulardan amalda foydalanish haqida aniqlashtirilgan.

Hisobotga ko‘ra, Xorazm viloyatida jami yerlar 608 ming 158 gektar sifatida ko‘rsatilgan bo‘lsa, xatlov natijasida ushbu yer maydoni 618 ming 432 gektarga yetkazilgan. Yer toifalarining o‘zgarishi asosan qishloq xo‘jaligi yerlariga to‘g‘ri kelgan va hisobot bo‘yicha qishloq xo‘jaligi fondida turgan yer maydonlari amalda yer fondining boshqa turlariga o‘tgan. Jumladan, aholi punktlari yerlari, sanoat yerlari, tarixiy-madaniy ahamiyatga ega yerlar, suv yerlari va tabiatni muhofaza qilish yerlari hisobidan.

Umuman, Xorazm viloyatida Yer kodeksining 9-moddasiga asosan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan 60 ming 284 gektar yer boshqa yer toifasiga o‘zgartirilib, Hukumat komissiyasiga taklif tayyorlandi.

Boshqa hududlarda ham qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni xatlov qilish ishlari amalga oshirilgan. Masalan, Andijon viloyatida hisobot bo‘yicha 360 ming 585 gektarni tashkil etgan yer maydoni o‘rganish natijasida 294 ming 756 gektarga aniqlangan. Samarqand viloyatida 1 million 466 ming 18 gektardan amalda 1 million 270 ming 376 gektarga kamayish kuzatilgan. Surxondaryoda 1 million 356 ming 595 gektardan amalda 1 million 221 ming 314 gektarga kamaygan.

Qishloq xo‘jaligi yerlari tarkibidagi sug‘oriladigan ekin maydoni hisobot bo‘yicha 296 ming 982,7 gektarni tashkil etgan bo‘lsa, amalda 273 ming 475,3 gektar ekanligi aniqlangan.

Shuningdek, 817 ming gektar aholi punktlari va sanoat yerlari qishloq xo‘jaligi yerlari toifasida yuritilib kelgani, ushbu yer uchastkalarini mulkdorlariga xususiylashtirish va to‘liq tasarruf qilishda to‘siqlar yuzaga keltirgan.

Hozirga qadar Qoraqalpog‘iston, Samarqand, Surxondaryo va Xorazmda jami 542 ming gektardan ziyod yer uchastkalari toifalarini o‘zgartirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilib, Hukumat komissiyasiga kiritildi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘zbekistondagi yerlarning 96 foizi elektron xaritaga kiritildi