Toshkent shahar hokimligi aholi va iste’molchilar uchun bozorlardagi savdo jarayonini yanada shaffof qilish va mahsulot narxlarining sun’iy ravishda oshirilishini oldini olish maqsadida yangi texnik chora-tadbirlar belgiladi.
So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, ayrim savdo rastalarida e’lon qilingan narxlardan farqli holda mahsulotlar sotilayotgani haqida aholi e’tirozi paydo bo‘ldi. Shu bois, arzonlashtirilgan mahsulotlar savdosi tashkil etilgan bozorlarida narxlarning sun’iy ravishda oshirilishiga yo‘l qo‘ymaslik va savdo jarayonida shaffoflikni ta’minlash uchun alohida choralar ko‘rilishi lozim bo‘ldi.
Hokimlik ma’lum qilishicha, Mirobod dehqon bozori va “Eski Juva” (Chorsu) bozorida kuzatuv kameralari o‘rnatish ishlari to‘liq yakunlangan. Endilikda ushbu zamonaviy texnik nazorat tizimi orqali savdo jarayonida tartibsizliklar, noqonuniy qo‘shimcha narxlar yoki iste’molchilarga nisbatan adolatsiz harakatlarning oldi olinadi.
Mazkur loyiha doirasida poytaxtning boshqa yirik va ahamiyatli bozorlarida ham kuzatuv kameralari bosqichma-bosqich o‘rnatilishi rejalashtirilgan. Bu esa bozorlardagi savdo munosabatlarini nazorat qilish, xaridorlar uchun xavfsiz va qulay muhit yaratishga xizmat qiladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!