O‘zbekistonda maktabgacha ta’lim sohasini rivojlantirish va bolalar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha muhim vazifalar belgilandi. Joriy yil yakuniga qadar mamlakat bo‘ylab qo‘shimcha 182 mingta bog‘cha o‘rni tashkil etilishi rejalashtirilgan. Buning 82 mingtasi yangi quriladigan muassasalar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Biroq masalaning barcha jihatlari yetarli darajada hal etilmagani alohida ta’kidlandi. Hozirgi paytda 118 ta bog‘chadagi 255 ta xona ta’mirtalab holda bo‘sh turgani qayd etildi. Shuningdek, ayrim tumanlarda qurilish va ta’mirlash ishlari ikki-uch yildan beri cho‘zilib kelayotgani ham tanqid ostiga olindi.
Xususan, Chimboy, G‘allaorol, Qiziriq va Boysun tumanlaridagi bittadan bog‘chalar haligacha ta’mirlanmagan. Shu bilan birga, Dehqonobod, Sariosiyo, Bo‘stonliq va Nurafshon tumanlarida bittadan yangi bog‘cha qurilishi tugallanmagani ma’lum qilindi.
Shu sababli viloyat va tumanlar hokimlariga aniq topshiriq berildi: 118 ta bog‘chadagi xonalarni ta’mirlab, zarur jihozlar bilan ta’minlash va uzoq yillar davomida cho‘zilib kelayotgan 8 ta bog‘chani ishga tushirish kerak. Bu vazifani bajarish uchun hokimlarga 1- noyabrgacha muhlat berildi.
Ogohlantirilishicha, agar ko‘rsatilgan muddatga amal qilinmasa, mutasaddilarga nisbatan tegishli choralar ko‘riladi. Bu orqali hukumat tomonidan mas’uliyat kuchaytirilishi va sohadagi muammolarni bartaraf etishga jiddiy yondashuv qo‘llanilayotgani ko‘zga tashlanadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!