Ekologiya vazirligi matbuot xizmati joriy yilning dastlabki 8 oyi davomida Toshkent shahri atmosferasi sifatini yaxshilash, havoni toza va sog‘lom saqlash maqsadida bir qator muhim va ijobiy o‘zgarishlar amalga oshirilganini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, 2025-yil yanvardan avgustgacha bo‘lgan davrda 1452 ta obyekt tekshiruvdan o‘tkazilgan, shu bilan birga 174 ta tungi reyd tadbiri tashkil etilgan va 281 ta qonun buzilish holati aniqlangan. Shu jarayonda 154 nafar shaxsga ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan va 20 ta korxona faoliyatini vaqtincha to‘xtatish to‘g‘risida sudga ariza kiritilgan. Shuningdek, 179 ta qonunbuzarlik holati bartaraf etilgan.
Muhim e’tibor qaratiladigan jihat shundaki, ushbu davrda 11 ta zamonaviy qozon, 19 ta samarali filtr va 12 ta chang tozalash uskunalari o‘rnatilgan. Bu chora-tadbirlar korxonalarning atrof-muhitga ta’sirini kamaytirish va hududlarda havo sifatini yaxshilashga qaratilgan.
2025-yilda yirik qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi va boshqa 1–2-toifaga mansub 60 ta korxona tomonidan 200 ming tup daraxt va buta ko‘chatlari ekish rejalashtirilgan. Bu tadbirlar nafaqat shaharni yashillashtirishga, balki ekologik barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi.
Har yili ikki bosqichda o‘tkaziladigan “Toza havo” oyligining birinchi bosqichida (10-aprel – 10-may) Toshkentda 40 050 ta avtotransport vositasi tekshirilgan. Ularning 586 tasida atmosfera havosiga chiqarayotgan zararli gazlar miqdori me’yordan oshganligi aniqlangan va belgilangan tartibda kamchiliklar bartaraf etilgan. Ushbu choralar natijasida atmosferaga 4,7 ming tonna zararli chiqindilarning tarqalishi oldi olingan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!