Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatiga amaliy tashrifi chog‘ida Norin tumanida joylashgan «Fishvel Norin» baliqchilik korxonasi ish jarayonlari bilan tanishdi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu loyiha 3 million dollar investitsiya hisobiga yo‘lga qo‘yilgan. Ikki gektardan ziyod hududda jami 76 ta zamonaviy havza tashkil etilgan bo‘lib, ulardan 40 tasi ishga tushirilgan. Superintensiv usulda gulmohi balig‘i parvarishlanmoqda. Korxona yil davomida 2 ming tonna sifatli go‘sht yetishtirib, 5 million dollarlik eksportga chiqarishni maqsad qilgan.
Davlat rahbari mutasaddilarga respublikada gulmohi yetishtirish imkoniyati bo‘lgan tumanlarni aniqlash va bu tizimni keng yo‘lga qo‘yish vazifasini topshirdi. Shuningdek, niderlandiyalik hamkorlar bilan birgalikda baliq ozuqasi ishlab chiqarish, Norindagi tik quduqlar yonida sun’iy havzalar barpo etish va ularni aholiga taqsimlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Shavkat Mirziyoyev Namangan shahrida tashkil etilgan «Firdavs» kunduzgi parvarish markazi faoliyatini ham ko‘zdan kechirdi. Tadbirkor Sayyora Qosimova tashabbusi bilan ochilgan bu muassasa 36 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, maxsus ta’lim hamda reabilitatsiya xizmatlari ko‘rsatadi. Bolalar uchun 9 soatlik individual o‘quv dasturlari yo‘lga qo‘yilgan. Mashg‘ulotlarni tajribali nevropatolog, defektolog, surdolog, audiolog, pedagog va psixologlar olib boradi. Prezidentning ta’kidlashicha, hech bir inson e’tibordan chetda qolmasligi lozim, bunday ijtimoiy loyihalar miqyosi yanada kengaytiriladi.
Shu yerda davlat rahbari «Faol hayotga qadam besh xizmat» nomli yangi tashkil etilgan markazni ham ko‘rdi. Tadbirkor Xosiyat Ortiqova shaxsiy mablag‘lari hisobiga barpo etgan bu muassasada nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun zamonaviy qulayliklar, tibbiy xizmat va reabilitatsiya dasturlari amalga oshirilmoqda. Markaz 16 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, har kuni 8 soatlik mashg‘ulotlar o‘tkaziladi.
Shavkat Mirziyoyev Chortoq tumanidagi «Ayqiron-1» nasos stansiyasida ham bo‘ldi. Katta Namangan magistral kanalida joylashgan mazkur inshoot orqali 815 gektar yer sug‘oriladi. Tadbirkorlar davlat-xususiy sheriklik asosida bu yerga energiya tejovchi uskunalar o‘rnatishgan. Natijada elektr sarfi 40 foizgacha qisqargani bilan birga, suv chiqarish quvvati ham oshgan.
Prezident ikki yil ichida «Ayqiron-1» tajribasini butun viloyatdagi nasos stansiyalariga tatbiq etish va keyinchalik mamlakatning boshqa hududlariga ham bosqichma-bosqich joriy qilish vazifasini belgiladi.
Bu tashrif doirasida amalga oshirilgan loyihalar nafaqat iqtisodiy samara, balki ijtimoiy ahamiyat ham kasb etayotgani qayd etildi.