date

Chortoq suvombori atrofida katta turizm kompleksi barpo etiladi

Chortoq suvombori atrofida katta turizm kompleksi barpo etiladi

Namangan viloyatidagi mashhur “Chortoq” suvombori atrofida turizmni rivojlantirish maqsadida zamonaviy kompleks, mehmonxona, restoranlar, dam olish hamda ko‘ngilochar maskanlar tashkil etilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda 16-sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan Namangan viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, Jahon banki bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan O‘rta shaharlarni rivojlantirish loyihasi doirasida joriy yilda “Furqat” bog‘i qayta rekonstruksiya qilinib, hududi qariyb 2 barobar kengaytiriladi. Shuningdek, Chortoqsoy bo‘ylab 11 kilometr uzunlikda ekologik eko-yo‘laklar, piyodalar va velosipedchilar uchun maxsus marshrutlar quriladi.

Jadal turizm kompleksini rivojlantirish dasturi doirasida Chortoqsoy va Katta Namangan kanali qirg‘oqlarining 7 kilometri betonlashtiriladi va 30 gektar yer maydoni foydali, samarali maydonga aylantiriladi. Bu yerdagi ko‘p yillik bog‘lar va tabiatni uyg‘unlashtirgan holda sanatoriy tipidagi yirik servis obyektlari ham barpo etilishi rejalashtirilmoqda.

Shu tariqa, “Chortoq” suvombori atrofida nafaqat turizm kompleksi, balki mehmonxona, restoranlar, dam olish va ko‘ngilochar maskanlar ham tashkil etiladi, bu esa viloyatning turizm salohiyatini sezilarli darajada oshirishga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, yana bir yirik loyiha – Pop tumanidagi Arashan ko‘li atrofida 1200 gektar maydonda barpo etiladigan yirik turizm kompleksi hisoblanadi. Bu maskan yiliga 1 million sayyohni qabul qilish qudratiga ega bo‘lib, viloyat turizm sektoridagi investitsiya va jahon miqyosidagi imidjni yanada mustahkamlaydi.

Turizm sohasidagi katta loyihalar uchun malakador kadrlarni tayyorlash maqsadida keyingi o‘quv yilidan boshlab Avstriyaning Krems universiteti bilan hamkorlikda Namangan davlat universitetida qo‘shma fakultet tashkil etiladi. Bu yosh mutaxassislarni zamonaviy bilim va amaliyot bilan ta’minlaydi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Chortoq suvombori atrofida katta turizm kompleksi barpo etiladi