Bugun, 8-oktyabr sanasidan boshlab poytaxtning bir nechta tumanlarida yo‘l harakati vaqtincha cheklanadi. Bu haqda Toshkent shahar Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi rasman ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Mirzo Ulug‘bek va Yashnobod tumanlari hududidan o‘tuvchi bir qator asosiy ko‘chalarda yo‘l ta’mirlash ishlari boshlangan. Xususan, Yangi O‘zbekiston ko‘chasining Ohangaron shossesidan D012 avtomobil yo‘ligacha bo‘lgan qismida, shuningdek, Jasorat hamda Do‘stlik ko‘chalarida avtomobil yo‘lining yuqori qatlamiga PSHMA-20 turdagi yangi asfalt-beton qoplamasi yotqizilmoqda.
Shu munosabat bilan mazkur hududlarda transport vositalari harakati 8-oktyabrdan 20-oktyabrgacha vaqtincha to‘xtatildi. Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi fuqarolarni oldindan harakat yo‘nalishlarini rejalashtirishga, shoshilinch hollarda esa aylanma yo‘llardan foydalanishga chaqirdi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, yo‘l ta’mirlash ishlari belgilangan muddat ichida yakuniga yetkaziladi va yangilangan yo‘l qatlami transport harakati uchun yanada qulay hamda xavfsiz bo‘ladi.
Yo‘l ta’miri vaqtida zarur texnika va qurilish vositalari ishlatilishi sababli ayrim uchastkalarda tirbandliklar yuzaga kelishi mumkin. Shu bois haydovchilardan ehtiyotkorlik va sabr-toqat so‘raldi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!