O‘zbekistonda mustaqillikdan keyingi ilk aholi ro‘yxati o‘tkazilishi arafasida. Adliya vazirligi 2026-yil 15-yanvardan boshlanadigan aholi ro‘yxatga olish jarayoni va uning tartib-qoidalari haqida rasmiy ma’lumot berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ro‘yxatga olish ishlari 2026-yil 15 yanvar soat 00:00 dan boshlanib, 28-fevralgacha davom etadi. Bu davr mobaynida mamlakat bo‘ylab har bir fuqaro maxsus elektron tizim orqali yoki manzili bo‘yicha ro‘yxatga olinadi.
Biroq, ba’zi toifadagi shaxslar hisobga kiritilmaydi. Jumladan, bir yildan ziyod vaqt mobaynida O‘zbekiston tashqarisida bo‘lib turgan fuqarolar, shuningdek, aholi ro‘yxatga olish boshlanganidan keyin tug‘ilgan bolalar ro‘yxatda aks etmaydi.
Shu bilan birga, aholi ro‘yxatga olish jarayoni boshlanganidan keyin vafot etgan shaxslar ma’lumotlar bazasiga kiritiladi. Bu statistik aniqlikni ta’minlash va mamlakat demografik holatini to‘liq aks ettirish uchun amalga oshiriladi.
Tashqi ishlar vazirligida akkreditatsiyadan o‘tgan xorijiy diplomatik vakolatxonalar va xalqaro tashkilotlar xodimlari, ularning oila a’zolari hamda diplomatik immunitetga ega shaxslar ro‘yxatdan chetlashtiriladi.
Ro‘yxatga olish doimiy yoki vaqtinchalik yashash manzili bo‘yicha amalga oshiriladi. Ya’ni har bir fuqaro o‘zining kunduzgi va tungi yashash joyi hisobga olingan holda ro‘yxatga kiritiladi — bu uylar, kvartiralar yoki boshqa turar-joylarni ham qamrab oladi.
Shaxsiy ma’lumotlarda ro‘yxatga olish boshlanganidan keyin sodir bo‘lgan o‘zgarishlar (masalan, ko‘chib o‘tish, nikoh yoki farzand tug‘ilishi) hisobga olinmaydi.
Mazkur aholi ro‘yxati O‘zbekiston uchun tarixiy ahamiyatga ega bo‘ladi. U mamlakatning demografik tarkibi, iqtisodiy va ijtimoiy salohiyatini aniq baholash, shuningdek, kelgusidagi davlat dasturlarini rejalashtirishda muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!