Saudiya Arabistoniga safar qilayotgan o‘zbekistonliklar soni sezilarli darajada oshgani ma’lum bo‘ldi. Milliy statistika qo‘mitasiga ko‘ra, 2025-yil yanvar–avgust oylarida 165,7 ming nafar fuqaro Saudiyaga borgan.
Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 53,8 ming kishiga yoki 48,1 foizga ko‘p. Safar qilgan fuqarolarning katta qismi — 141,6 ming kishi — turizm maqsadida yo‘l olgan. Shuningdek, 23,5 ming nafar odam qarindoshlarini yo‘qlash, 548 kishi davolanish, 62 kishi xizmat yuzasidan, 18 kishi esa o‘qish uchun borgan.
Saudiya Arabistoni Haj va umra vazirligi har qanday viza egalariga umra amalini ado etish imkoni bergani safarlar soni oshishiga sabab bo‘ldi.
Joriy yildagi haj mavsumida O‘zbekistondan 15 mingdan ortiq hojilar muqaddas amallarni tartibli ado etishgan. Ular 13-maydan 30-maygacha Saudiyaga yetib borib, 29-iyun kunigacha vatanga qaytishgan.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, elektron ro‘yxat, onlayn band qilish va qulay viza tizimi fuqarolar uchun safar jarayonini ancha yengillashtirgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!