Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) tarqatgan so‘nggi hisobotda juda xavotirli tendensiya qayd etildi — antibiotiklar bakteriyalarga qarshi kurashda tobora samarasiz bo‘lib borayotgan. Bu holat, tashkilot ta’kidlaganidek, antibakterial dori vositalarining ortiqcha yoki noto‘g‘ri qo‘llanilishi bilan bevosita bog‘liq.
Hisobotga ko‘ra, dunyo miqyosida infeksiyalarning dori vositalariga chidamliligi har yili o‘rtacha 5–15 foizga oshib bormoqda. Bu raqamlar antibiotiklarga qarshi immunlashib borayotgan bakteriyalar inson sog‘lig‘i uchun katta tahdidga aylanayotganini ko‘rsatadi.
Masalan, E.coli (Escherichia coli) bakteriyalarining taxminan 40 foizi, Klebsiella pneumoniae turlarining esa 55 foizidan ortig‘i hozirda peshob yo‘llari, ovqat hazm qilish tizimi va qon infeksiyalarini davolashda qo‘llaniladigan antibiotiklarga javob bermayapti.
Ba’zi infeksiyalar esa shunchalik chidamli bo‘lib qolganki, mavjud barcha dori vositalari ularga ta’sir qila olmaydi. Xususan, Salmonella, oltin stafilokokk va E.coli tufayli har yili millionlab odamlar hayotdan ko‘z yummoqda.
JSST vakili Silviya Bertanolio ma’lumotlariga ko‘ra, 2021-yilning o‘zida antibiotiklarga chidamli bakteriyalar sabab 8 millionga yaqin odam vafot etgan. Bu holat insoniyat oldidagi eng katta tibbiy muammolardan biri sifatida baholanmoqda.
Tashkilot hisobotida ta’kidlanishicha, vaziyatni nazorat qilish uchun yangi avlod antibiotiklarini yaratish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarni jadallashtirish zarur. Biroq shu bilan birga, mavjud dori vositalarini ortiqcha va asossiz ishlatishni cheklash ham juda muhim.
Mutaxassislar fikricha, antibiotiklarning noo‘rin qo‘llanilishi nafaqat bakteriyalarning chidamliligini kuchaytiradi, balki kelajakda oddiy kasalliklarni ham davolashni qiyinlashtiradi. Shu sabab, JSST barcha mamlakatlarni tibbiy nazoratni kuchaytirish va antibiotiklar faqat zarur holatlardagina qo‘llanilishini ta’minlashga chaqirdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!