date

O‘zbekiston turizmi 2025-yilda rekord o‘sishga erishdi

O‘zbekiston turizmi 2025-yilda rekord o‘sishga erishdi

O‘zbekiston turizmi so‘nggi yillarda misli ko‘rilmagan sur’atda rivojlanmoqda. Turizm qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilning to‘qqiz oyi davomida mamlakatga 8,6 milliondan ortiq xorijiy sayyoh tashrif buyurgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 112,5 foizga yuqori bo‘lib, milliy turizm tarixida mutlaq rekord sifatida qayd etildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yil aprel oyidan boshlab O‘zbekiston har oyda 1 milliondan ortiq turistni qabul qilmoqda. Bu ko‘rsatkich mamlakatning xalqaro turistik xaritadagi nufuzi oshib borayotganini anglatadi.

Turizm qo‘mitasi ta’kidlashicha, xorijiy sayyohlar oqimi barcha asosiy bozorlarda sezilarli o‘sish qayd etmoqda. Masalan, 2025-yilda post-pandemik 2022-yilga nisbatan turistlar soni Britaniyadan 2,6 baravar, Qatardan 6,2 baravar, AQSHdan 3 baravar, Fransiyadan 2,9 baravar, Rossiyadan 2,1 baravar, Vengriyadan 3,3 baravar, Germaniyadan 2,5 baravar, Polshadan 6,2 baravar oshgan.

Shu bilan birga, turistik xizmatlar eksporti ham rekord darajada o‘sib, 3,6 milliard AQSH dollaridan ortiq daromad keltirdi. Bu mamlakat iqtisodiyotida turizmning strategik ahamiyati yanada oshganini ko‘rsatadi.

Ekspertlar fikricha, bu natijalarga O‘zbekistonning xalqaro maydondagi faol pozitsiyasi sabab bo‘ldi. Xususan, yetakchi jahon media platformalari bilan hamkorlik, xorijiy davlatlarda o‘tkazilgan road-shou tadbirlari, xalqaro ko‘rgazmalardagi ishtirok va xorijiy nashrlarda chop etilgan maqolalar mamlakat brendini sezilarli darajada mustahkamladi.

Turizm sohasi mutaxassislarining ta’kidlashicha, bu o‘sish nafaqat mehmonlar oqimi bilan, balki mamlakatdagi infratuzilma, transport va mehmonxona xizmatlari sifatining yaxshilanishi bilan ham bog‘liq. Yangi yo‘nalishlar, madaniy festivallar va mahalliy tadbirlar sayyohlar uchun O‘zbekistonni yanada jozibador manzilga aylantirmoqda.

Shu bilan, O‘zbekiston 2025-yilda Markaziy Osiyoda turizm bo‘yicha yetakchi mamlakatlar qatorida mustahkam o‘rnini egallab, xalqaro maydonda o‘z brendini yanada kuchaytirdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘zbekiston turizmi 2025-yilda rekord o‘sishga erishdi