Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 15 oktyabr kuni Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida bo‘lib, Shota Rustaveli ko‘chasida amalga oshirilgan keng ko‘lamli rekonstruksiya ishlari bilan tanishdi, deb xabar berdi Prezident matbuot xizmati.
Davlat rahbari mazkur ko‘chadagi yangilangan infratuzilmani shaxsan ko‘rish uchun davlat va jamoat tashkilotlari vakillari bilan birgalikda avtobusda yurdi. U yo‘ldagi qulayliklarni baholab, yo‘lovchilar bilan suhbat qurdi va ularning fikrlarini eshitdi.
Toshkent so‘nggi yillarda jadal o‘sib, aholi soni keskin ortib bormoqda. Bu esa shahardagi transport tizimini zamon talablariga mos ravishda takomillashtirishni talab etadi. Prezident ta’kidlaganidek, “ravon yo‘l va qulay jamoat transporti — bu aholi roziligi va hayot sifatining asosiy ko‘rsatkichi”.
Shota Rustaveli ko‘chasi poytaxtdagi bir necha tumanlarni bog‘lab turuvchi asosiy arteriyalardan biri bo‘lib, undagi harakatni yengillashtirish maqsadida Mirobod ko‘chasidan Choshtepa ko‘chasigacha bo‘lgan qariyb 7 kilometr masofa to‘liq rekonstruksiya qilindi.
Endilikda ko‘cha zamonaviy ko‘rinishga ega bo‘ldi: yo‘l 10 qatnov qismiga bo‘lingan, shundan 6 tasi avtomobillar uchun, 2 tasi avtobuslar uchun alohida ajratilgan yo‘lak sifatida tashkil etilgan. Qolgan ikki qismi esa avtomobillar to‘xtab turishi uchun mo‘ljallangan.
Eng muhim yangiliklardan biri — ilk bor Toshkentda Bus Rapid Transit (BRT) tizimi joriy etildi. Bu tizim dunyoning ko‘plab rivojlangan mamlakatlarida jamoat transportini tez va xavfsiz harakatlantirishning samarali usuli sifatida foydalaniladi.
Natijada yo‘lovchi oqimi soatiga 2,5 ming nafardan 6 ming nafargacha ortdi. Yo‘l bo‘yicha avtomobillar o‘tkazish imkoniyati ham ikki baravarga yaqin kengayib, sutkasiga 40 mingta mashina harakatlana oladigan darajaga yetdi.
Ushbu loyiha umumiy qiymati 19,2 million dollarni tashkil etadi. Yo‘lda xavfsizlik darajasi oshirilib, 463 ta “aqlli” svetofor, 21 ta yangi avtobus bekati o‘rnatildi. Intellektual transport tizimi orqali harakat nazorati avtomatlashtirilgan holda amalga oshiriladi.
Shuningdek, ko‘chada velosiped yo‘laklari, yashil hududlar, sug‘orish va drenaj tizimlari ham tashkil etildi. Bu nafaqat harakat uchun qulaylik, balki ekologik muhitni sog‘lomlashtirishga ham xizmat qiladi.
Prezident tashrif chog‘ida yangi avtobus yo‘nalishlarini kengaytirish, shahar atrofida transport bog‘lamalari qurish, shu orqali Yangi Toshkent bilan aloqani mustahkamlash loyihalarini ko‘rib chiqdi.
“ Agar metro qurmaganimizda va yangi avtobuslar olib kelmaganimizda, bugun Toshkentda transport harakati muammoga aylangan bo‘lardi. Shuning uchun biz odamlar uchun qulaylik yaratishni davom ettiramiz”, — dedi Prezident.
Shavkat Mirziyoyev mutasaddilarga jamoat transportini yanada rivojlantirish, tirbandlikni kamaytirish va poytaxt infratuzilmasini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!