Toshkent turistlar uchun yanada qulay shaharga aylanadi

Yil boshidan buyon Toshkent shahriga qariyb 3 million xorijlik sayyoh tashrif buyurdi. Endi poytaxtda mehmonlar uchun qulay piyoda marshrutlari, raqamli xaritalar, zamonaviy hojatxonalar va ko‘proq chiqindi qutilarini tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Asosiy maqsad — turistlar va aholi uchun Toshkentda sayr qilishni oson, xavfsiz va qulay qilish.
Sayyohlarga bepul raqamli xaritalar taqdim etiladi
Toshkentga kelgan xorijiy mehmonlarning aksariyati tarixiy obidalar, bozorlar, istirohat bog‘lari, kafe-restoranlar va turistik mahallalarga piyoda borishni istaydi.
Shu bois shaharda aniq yo‘l ko‘rsatkichlari, qulay sayyohlik marshrutlari va raqamli xaritalar zarurligi ta’kidlandi.
Mutasaddilarga quyidagi joylarda Toshkent marshrutlarini ko‘rsatuvchi xaritalarni joriy etish topshirildi:
avtobus bekatlari;
temir yo‘l vokzallari;
aeroport;
metro stansiyalari.
Ushbu xaritalarni mobil telefonga bepul va oson yuklab olish imkoniyati yaratiladi.
Tozalik masalasi tanqidiy ko‘rib chiqildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent azaldan toza, ozoda va yashil shahar sifatida e’tirof etilganini qayd etdi.
Shu bilan birga, poytaxt ko‘chalari, xiyobonlari va bog‘laridagi tozalik darajasi aholi hamda turistlar talabiga qay darajada javob berishi tanqidiy tahlil qilindi.
Tozalik oddiy maishiy masala emas, balki shahar madaniyati va jamiyat qadriyati ekani ta’kidlandi.
«Tozalik ostonadan boshlanadi»
Mahalla raislari, nuroniylar va faollarga aholini obodonchilik ishlariga keng jalb qilish vazifasi qo‘yildi.
Jumladan:
hududlarni toza saqlash;
daraxt ekish;
ko‘chatlarni muntazam sug‘orish;
yoshlarga ekologik madaniyatni singdirish zarurligi aytildi.
Ayniqsa, yosh avlod ongiga «Tozalik ostonadan boshlanadi» degan qadriyatni singdirish muhimligi qayd etildi.
Har bir tumanda zamonaviy hojatxonalar quriladi
Poytaxt mehmonlari va sayrga chiqqan aholi uchun jamoat hojatxonalari yetishmasligi ham alohida muhokama qilindi.
Mutasaddilarga bir oy ichida maxsus dastur ishlab chiqish topshirildi. Shu yilning o‘zida har bir tumanda 15–20 tadan zamonaviy hojatxona qurish rejalashtirilmoqda.
Bu obyektlarni barpo etish uchun yer maydonlari auksion savdolariga chiqariladi.
Chiqindi qutilari ko‘paytiriladi
Toshkent ko‘chalari, sayilgohlari va turistik hududlarda chiqindi qutilari sonini keskin oshirish bo‘yicha ham choralar ko‘riladi.
Rejalar amalga oshirilsa, poytaxt nafaqat turistlar uchun qulay, balki yanada toza va tartibli shaharga aylanishi kutilmoqda.































Izohlar 0
…