
O‘zbekistonda joriy yil boshidan ishsizlik darajasi barqaror pasayib, 4,9 foizni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yildagi 5,5 foizlik darajaga nisbatan ancha past. Ayniqsa, Buxoro, Kogon, Navoiy, Zarafshon, G‘ozg‘on, Samarqand, Shirin kabi bir qator shaharlarida ishsizlik 4 foizdan pastlab, ilk bor “tabiiy ishsizlik” darajasiga yaqinlashdi.
Aholining ijtimoiy ahvolini yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar kambag‘allikning qisqarishida ham o‘z samarasini bermoqda. Joriy yil davomida ehtiyojmand 302 ming oila kambag‘allikdan chiqdi. Yil yakuniga qadar kambag‘allik darajasi 8,9 foizdan 6 foizgacha tushishi taxmin qilinmoqda.
Shuningdek, sharoiti og‘ir bo‘lgan Xovos, Mirzaobod, Oqoltin, Do‘stlik, Paxtakor, Forish, Bo‘ston, Vobkent, Mirishkor, Mingbuloq, Uzun va Piskent tumanlarida kambag‘al oilalar soni 4,5 barobargacha qisqargan. Ilgari qiyin ahvolda bo‘lgan 105 ming oila daromad ko‘rishni boshlagan bo‘lib, kambag‘al oilalarning o‘rtacha daromadi yil boshiga nisbatan ikki barobarga oshdi.
Joriy yilda ilk bor 1 ming 435 ta mahalla “kambag‘allikdan xoli” hududlar sifatida qayd etildi. Ushbu natijalar mamlakatda iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash, aholining ijtimoiy himoyasi va bandligini ta’minlash borasidagi islohotlar izchil amalga oshirilayotganini ko‘rsatmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.