
Samarqand viloyati uchun eng muhim suv manbai sanalgan Zarafshon daryosidan kelayotgan suv hajmi yil sayin qisqarib borayotgani 25-noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Urgutda o‘tgan sessiyada ma’lum qilindi. Bu holat qishloq xo‘jaligi va irrigatsiya tizimiga jiddiy bosim o‘tkazmoqda.
Suv kamayishi oqibatida yer osti suvlaridan foydalanish darajasi 2 barobarga ortgan. Shu bois kelasi yili kamida 30 ming gektarda suv tejaydigan texnologiyalarni joriy etish zarurligi aytildi. Fermerlar uchun tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish bo‘yicha kredit stavkalari 14 foizdan 10 foizga tushiriladi, paxta maydonlari uchun har gektariga 12 million so‘m subsidiya ajratiladi.
Suvdan samarali foydalanish bo‘yicha yangi tizim joriy etiladi: suv solig‘idan tushgan mablag‘lar to‘liq tuman suv korxonalari ixtiyorida qolib, ariq va kanallarni betonlashtirishga sarflanadi. Buning hisobiga har yili 1 ming km tuproq kanal beton qoplamaga o‘tkaziladi.
Sessiyada Urgut tumani yerlari bo‘yicha ham ma’lumot berildi: 112 ming gektar maydonning 12 ming gektari sug‘oriladigan yerlardir. Bu yil 2 ming gektar g‘alla va 3,5 ming gektar tamaki yerlari meva-sabzavotga o‘tkazilmoqda. Yangidan qo‘shilayotgan 5,5 ming gektarda eksportbop mahsulotlar yetishtiriladi. Masalan, 3 ming gektarda oq kishmish yetishtirilsa, tumanda 80 million dollarlik mayiz eksporti shakllanadi.
Shuningdek, Urgutdagi 500 gektar tog‘-oldi hududlarida sanoatlashgan uzumzorlar tashkil qilinib, aholiga 10 gektardan taqsimlanishi taklif qilindi. Ishtixonda esa kelasi yil 2 ming gektar qir-adirda shunga o‘xshash uzumzorlar tashkil etiladi.
Ushbu yerlarni suv bilan ta’minlash uchun 50 ta artizan qudug‘ini qazish va 15–20 kilovattli quyosh panellari o‘rnatish uchun 30 milliard so‘mlik arzon resurs ajratiladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.