
O‘zbekistonda QR-kodlar orqali to‘lovlarni amalga oshirishni bir xil standartda yo‘lga qo‘yish va barcha uchun qulay yagona tizim shakllantirish rejalashtirilmoqda. Bu prezidentning “O‘zbekistonda moliyaviy texnologiyalar sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida rasman belgilandi.
Qarorda aytilishicha, Markaziy bank 2025-yil dekabr oyida universal QR-kod bo‘yicha pilot loyihani banklar hamda to‘lov tashkilotlari ishtirokida sinov tariqasida amalga oshiradi. 2026-yil yanvar oyiga kelib, universal QR-kod bilan bog‘liq normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqilib tasdiqlanadi. Shundan so‘ng, 2026-yil fevral oyida to‘lov xizmatlari bozorida to‘liq ishlaydigan universal QR-kod amaliyotga joriy etiladi.
Aprel oyida Markaziy bank To‘lov tizimlari departamenti rahbari o‘rinbosari Miraziz Mirhayotov mamlakatda naqd pulsiz to‘lovlarda yagona to‘lov QR-kodi yaratish bo‘yicha rejalarni ochiqlagandi. Uning ta’kidlashicha, hozirda ko‘plab savdo nuqtalarda tadbirkorlar bir nechta turli to‘lov xizmatlarining QR-kod taxtachalarini qator qilib qo‘yadi, bu esa xaridorlar uchun noqulay vaziyatlarni keltirib chiqaradi.
“Biz yagona standartni joriy etishni maqsad qilganmiz. Uning asosida har bir tashkilotga yagona QR-kod o‘rnatiladi va mijoz shu bitta QR-kod orqali istagan mobil ilova yoki istagan to‘lov xizmati bilan to‘lov amalga oshirishi mumkin bo‘ladi”, — deya Mirhayotovning so‘zlarini Spot nashri keltirgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ham 20-avgust kuni tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda aynan shu masalaga to‘xtalib, tadbirkorlar uchun barcha mobil to‘lov ilovalari orqali hisob-kitob qilish imkonini beruvchi universal QR-kod joriy etilishini ta’kidlagandi.
Yagona QR-kod orqali to‘lov qilish imkoniyati mamlakatda to‘lov madaniyatini yanada osonlashtirishi, sotuvchilar uchun ortiqcha qog‘ozbozlik va qo‘shimcha o‘rnatmalardan qutulish imkonini berishi, eng muhimi esa xaridorlar uchun bir qadamda to‘lov qilish imkoniyatini yaratishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.