Toshkentda filtrsiz issiqxonalar yopiladi

Toshkent va Toshkent viloyatida ko'mir bilan isitiladigan, lekin filtrsiz ishlayotgan issiqxonalar yopilib, poytaxt atrofidan chiqariladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis va O'zbekiston xalqiga qilgan yillik murojaatida ma'lum qildi.
Davlat rahbari bu qarorni ekologik vaziyatni yaxshilashga qaratilgan tizimli choralarning bir qismi sifatida taqdim etdi. Prezident o'z nutqida ekologik muvozanatni ta'minlash, yashil energetika va suv resurslaridan oqilona foydalanishni asosiy ustuvor yo'nalishlardan biri sifatida qayd etdi.
Rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, Toshkent va Toshkent viloyatida bugungi kunda taxminan ikki mingta issiqxona faoliyat yuritadi, ular isitish uchun ko'mir va gazdan foydalanadi. Ularning ko'p qismi filtrsiz ko'mir qozonxonalarida ishlaydi, bu esa ayniqsa kuz-qish mavsumida havo sifatiga salbiy ta'sir ko'rsatadi.
Shu sababli filtrsiz ishlaydigan qozonxonalardan foydalanish butunlay to'xtatiladi. Bunday issiqxonalar poytaxt atrofidan ko'chiriladi va isitish markazlashgan qozonxonalar orqali tashkil etiladi.
Issiqxona xo'jaliklarini joylashtirish uchun 200 gektardan ortiq maydonda agroklasterlar tashkil etiladi. Ushbu klasterlarga qo'shilishni istagan issiqxonalarga alohida subsidiyalar ajratiladi.
Bundan tashqari, yirik korxonalar uchun 100 million dollar miqdorida kredit liniyasi ochiladi. Ushbu mablag'lar filtrlar, tozalash inshootlari va zararli moddalar chiqindilarini monitoring qilish stansiyalarini o'rnatishga yo'naltiriladi.
Eslatib o'tamiz, Toshkent tumanida 10 ta issiqxona ko'mir tutuni bilan havoni ifloslantirgani aniqlangan edi — tekshiruvlar natijasida xo'jaliklar darhol to'xtatilib, qat'iy choralar ko'rilgan edi.