
O'zbekistonda gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish oqibatida davlatga yetkazilgan zarar 1,2 trillion so'mdan oshdi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati ma'lum qildi. Bu haqda podrobno.uz xabar beradi.
Qayd etilishicha, yil boshidan buyon tabiiy gaz hamda elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish bilan bog'liq qariyb 2,9 mingta holat aniqlangan. Dastlabki hisob-kitoblarga ko'ra, umumiy zarar 1,2 trillion so'mni tashkil etgan.
Ko'rsatilgan summaning 668,9 milliard so'mi elektr energiyasini noqonuniy iste'mol qilish, 574,7 milliard so'mi esa tabiiy gazdan qonunga xilof foydalanish hissasiga to'g'ri keladi.
Aniqlangan qoidabuzarliklarga huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga 2 696 ta hujjatlar to'plami yuborilgan. Shuningdek, energiya resurslaridan foydalanish qoidalarini buzgan iste'molchilarga nisbatan 5 296 ta ma'muriy ish rasmiylashtirilgan.
Yoqilg'i mahsulotlari sifatini nazorat qilish doirasida AYoQSh va korxonalarda ham qator kamchiliklar aniqlangan. Olingan namunalar tahlili natijasida 377 ta holatda 9,3 million litr sifatsiz neft mahsulotlari borligi ma'lum bo'lib, ularning sotuvga chiqarilishi to'xtatilgan.
Avvalroq, 2025 yil oktyabr oyida mamlakatda tabiiy gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari yana ko'paygani xabar qilingandi. Uzenergoinspeksiya ma'lumotiga ko'ra, bir oy ichidagi o'g'irliklar oqibatida ko'rilgan zarar 99 milliard so'mdan oshgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.