date

Germaniyada sud Alisher Usmonov ishi bo‘yicha jarayonni 10 million yevro to‘lov evaziga yakunladi

Germaniyada sud Alisher Usmonov ishi bo‘yicha jarayonni 10 million yevro to‘lov evaziga yakunladi

Myunxen prokuraturasi milliarder Alisher Usmonovga nisbatan Germaniyaning tashqi savdo qonunchiligini buzish ehtimoli yuzasidan boshlangan ishni 10 million yevro to‘lov sharti bilan yopishga rozi bo‘ldi. Prokuratura ham, tadbirkorning himoyachilari ham Usmonov to‘liq summani to‘lash bo‘yicha topshiriq berganini tasdiqladi. Bu haqda podrobno.uz xabar beradi.

Reuters ma’lumotiga ko‘ra, tergov 2022 yil aprel–sentyabr oylarida Bavariyadagi Rotax-Egern kurort qishlog‘ida joylashgan ikki uyni qo‘riqlash xizmatlari uchun 1,5 million yevro to‘langan bo‘lishi mumkinligi haqidagi gumonlar bilan bog‘liq bo‘lgan.

Shuningdek, prokuratura Usmonov YEIdagi sanksiyalar qoidalariga muvofiq Germaniyaning iqtisodiyot va eksport nazorati federal idorasi (BAFA)ga qimmatbaho taqinchoqlar, kartinalar hamda vino kolleksiyasi haqida ma’lumot bermaganini ham da’vo qilgan. Usmonov esa barcha ayblovlarni rad etgan.

Uning advokatlari mijozlari gumon qilinayotgan to‘lovlarda tilga olingan kompaniyalar bilan bog‘lanmaganini, shuningdek, ko‘rsatilgan mol-mulk unga tegishli emasligini bildirgan. Himoya tomoni bu ish doirasida YEI sanksiyalari bevosita qo‘llanmasligini ham ta’kidlagan.

To‘lanadigan 10 million yevroning 8,5 millioni Bavariya byudjetiga yo‘naltiriladi. Qolgan qariyb 1,5 million yevro esa Opferhilfe Bayern jamg‘armasi hamda Bavariya yer miqyosidagi mahkumlar bilan ishlash va probatsiya ittifoqiga beriladi.

Advokatlar to‘lov aybni tan olish degani emasligi va aybsizlik prezumpsiyasini bekor qilmasligini qayd etdi. Myunxen prokuraturasi ham ushbu to‘lov jarima yoki jazo sifatida baholanmasligini, mablag‘ kelib tushgach ish yurituvi to‘xtatilishini tasdiqlagan.

Bayonotda aytilishicha, to‘lov amalga oshirilgach, ayni holatlar bo‘yicha Usmonovga nisbatan tergovni qayta boshlash imkoniyati bo‘lmaydi.

Qayd etilishicha, 2024 yil noyabrida ham Germaniya prokuraturasi Usmonovga nisbatan pul yuvish gumoni bo‘yicha olib borilgan tekshiruvni shunga o‘xshash shartlar asosida yopgan.

Bloomberg Billionaires indeksiga ko‘ra, Alisher Usmonovning boyligi 18,8 milliard dollar deb baholanadi. U YEI, Kanada va AQSh sanksiyalari ostida, shuningdek Ukraina atrofidagi urush harakatlaridan so‘ng joriy etilgan kirish taqiqiga ham ega.

Eslatib o‘tamiz, Alisher Usmonov joriy yil aprel oyida Forbes reytingida O‘zbekiston vakili sifatida ilk bor qayd etilgandi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » O‘zbekiston » Germaniyada sud Alisher Usmonov ishi bo‘yicha jarayonni 10 million yevro to‘lov evaziga yakunladi