
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi loyihasida ona va bola salomatligini mustahkamlash, kasalliklarni oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlarni kengaytirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Hujjatda aholining muayyan qatlamlarini yod hamda vitamin-mineral qo‘shimchalari bilan to‘liq qamrab olish maqsad qilingan.
Loyihaga muvofiq, sog‘lom avlodni shakllantirish va aholi salomatligini mustahkamlash uchun mikronutriyentlar bilan ta’minlash ishlari yangi bosqichga chiqariladi. Xususan, 3–15 yoshdagi bolalar yod preparatlari bilan, 15–35 yoshdagi xotin-qizlar esa polivitaminlar, temir va foliy kislotasi bilan tibbiy ko‘rsatma asosida 100 foiz bepul ta’minlanishi rejalashtirilmoqda.
Strategiyada bu choralar onalar va bolalar o‘limi ko‘rsatkichlarini kamaytirish, bolalar orasida kasallanish holatlarini qisqartirish hamda umumiy sog‘liq darajasini yaxshilashga xizmat qilishi ta’kidlangan. Shu maqsadda bolalar o‘rtasida yuqumli va yuqumli bo‘lmagan kasalliklarni 10 foizga qisqartirish, go‘daklar o‘limini 6,5 promillegacha, besh yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limini esa 9 promillegacha pasaytirish vazifalari belgilangan.
Bundan tashqari, 6–23 oylik bolalarni mikronutriyent kukuni bilan to‘liq bepul ta’minlash, 2–10 yoshli bolalar orasida gelmintoz kasalligini 15 foizga kamaytirish ham rejalar qatoriga kiritilgan. Shu bilan birga, tug‘ruq xizmatlari sifatini oshirish maqsadida tug‘ruq o‘rinlari sonini 14 373 taga yetkazish ko‘zda tutilgan.
Ushbu chora-tadbirlar aholini zarur vitamin va mikroelementlar bilan muntazam ta’minlash orqali profilaktika ahamiyatini oshirish, ona va bola salomatligini mustahkamlash hamda sog‘lom, barkamol avlodni tarbiyalashga xizmat qilishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.