Soliq qo'mitasi cheksiz savdo uchun jarimalarni eslatdi

O'zbekiston Soliq qo'mitasi matbuot xizmati tadbirkorlar uchun muhim eslatma e'lon qildi. Unda aholiga naqd hisob-kitob qilinadigan savdo va xizmatlarda onlayn-kassa hamda virtual kassa tizimlaridan foydalanish majburiy ekani ta'kidlandi. Bu haqda upl.uz xabar beradi.
Qo'mita ma'lumotiga ko'ra, xarid to'lov terminali orqali bo'ladimi yoki naqd pul bilanmi — baribir mijozga QR-kod va fiskal belgi tushirilgan chek berilishi shart. Shuningdek, boshqa shaxs nomiga rasmiylashtirilgan to'lov terminallaridan foydalanish qat'iyan taqiqlangani alohida qayd etildi.
Aholidan to'lovlar elektron to'lov tizimlari yoki elektron tijorat platformalari (marketpleyslar) orqali qabul qilinganda esa, xaridorga elektron fiskal chek taqdim etilishi belgilangan.
Talablar buzilgan taqdirda Soliq kodeksining 221-moddasiga muvofiq jarimalar qo'llanadi: majburiy bo'lgan joyda kassa apparati va hisob-kitob terminalisiz savdo qilish yoki xizmat ko'rsatish, shuningdek majburiy hujjatlarni (kvitansiya, kupon, чек va tenglashtirilgan hujjatlar) bermaslik hamda terminal orqali to'lovni qabul qilishni rad etish — 5 million so'm.
Bundan tashqari, soliq organlarida ro'yxatdan o'tmagan kassa apparati yoki hisob-kitob terminalidan foydalangan holda savdo qilish yoki xizmat ko'rsatish, yoxud xaridorga tegishli chek (yoki unga tenglashtirilgan hujjat) taqdim etish holatlari uchun — 7 million so'm jarima belgilangan.
Qo'mita ogohlantirishicha, soliq to'lovchi boshqa birov nomiga ro'yxatdan o'tgan terminallardan foydalansa, shuningdek texnik talablarga javob bermaydigan yoki servis dasturi nosoz kassa uskunasini ishlatsa, jarima miqdori 20 million so'mni tashkil etadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!