Oʻzbekiston–Tojikiston chegarasida yangi logistika markazi barpo etiladi

Yevrosiyo taraqqiyot banki (YeTB), Tojikiston Transport vazirligi hamda DXSh loyihalarini amalga oshirish markazi Oʻzbekiston–Tojikiston chegarasida logistika markazi qurish bo‘yicha texnik-iqtisodiy asos (TIA) ishlab chiqishni boshladi. Bu haqda podrobno.uz xabar beradi.
Yangi obyekt “Fotexobod” — “Oybek” chegara o‘tish punkti bazasida barpo etilishi rejalashtirilgan. Loyiha bo‘yicha ishlar Dushanbeda imzolangan uch tomonlama texnik ko‘mak to‘g‘risidagi bitimdan so‘ng start oldi.
Hujjatga ko‘ra, YeTBning Texnik ko‘mak fondi TIA tayyorlash va loyiha samaradorligini baholash xarajatlarini moliyalashtiradi. Tojikiston transport vaziri o‘rinbosari Shoista Saidmurodzoda bu tashabbus mamlakat transport sohasida davlat-xususiy sheriklik (DXSh) mexanizmi orqali amalga oshirilayotgan ilk loyiha ekanini ta’kidladi.
YeTBning Tojikistondagi direktori Vladimir Yakunin zamonaviy logistika infratuzilmasini rivojlantirish 2023–2028 yillarga mo‘ljallangan Tojikiston logistikasini rivojlantirish davlat dasturining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini qayd etdi. Dastur infratuzilmani modernizatsiya qilish, sifatli loyiha hujjatlarini tayyorlash va transport-logistika sektoriga investitsiyalarni jalb etish uchun sharoit yaratishni nazarda tutadi.
Yakunin fikricha, “Fotexobod” loyihasi bo‘yicha dastlabki TIA tayyorlanishi transchegaraviy savdo samaradorligini sezilarli oshirishi mumkin bo‘lgan yirik tashabbusni ishga tushirish sari muhim qadam bo‘ladi. Uning aytishicha, TIA yakunlariga ko‘ra YeTB yangi logistika markazi qurilishini moliyalashtirish imkoniyatini ham ko‘rib chiqishga tayyor.
Ma’lum qilinishicha, YeTB Texnik ko‘mak fondi doirasidagi ushbu loyiha infratuzilmaviy tashabbuslarni tayyorlash sifatini oshirish, mutaxassislar malakasini kuchaytirish hamda yirik investitsiya loyihalariga poydevor yaratishga xizmat qiladi. Natijada Tojikistonning transport-logistika tizimini rivojlantirish, sektorning investitsion jozibadorligini oshirish va mintaqadagi savdo oqimlarini ko‘paytirish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, avvalroq “Oybek” va “Fotexobod” o‘tish punktlari hududida ishlab chiqarish quvvatlari, logistika markazlari va zarur infratuzilmalarni qamrab olgan “Oʻzbekiston – Tojikiston” savdo-sanoat zonasini tashkil etish rejalari ham muhokama qilingani eslatib o‘tildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!