date

“O‘zbekiston–2030”da davlat xizmatlari tezkor va raqamli bo‘ladi

“O‘zbekiston–2030”da davlat xizmatlari tezkor va raqamli bo‘ladi

“O‘zbekiston–2030” strategiyasi loyihasida aholi uchun yanada qulay, tezkor va tushunarli davlat xizmatlarini tashkil etish, barcha jarayonlarni to‘liq raqamlashtirish hamda ortiqcha hujjatbozlikni keskin qisqartirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar belgilangan.

Loyihada qayd etilishicha, 370-band doirasida O‘zbekistonning BMTning Elektron hukumatni rivojlantirish reytingida “Top-30” talikka kirishiga erishish asosiy maqsad sifatida qo‘yilgan. Shuningdek, 371-bandga muvofiq elektron shaklda ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari ulushini 90 foizdan ham yuqoriga chiqarish rejalashtirilmoqda.

Fuqarolar murojaatlari bilan ishlash va nazorat mexanizmlarini mustahkamlash maqsadida 372-bandda “Xalq nazorati” portali har bir hududda 100 foiz joriy etilishi ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, 373-band bo‘yicha faqat Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali taqdim etiladigan xizmatlar ulushini 50 foizgacha yetkazish vazifasi belgilangan.

Davlat xizmatlarini zamonaviy formatda taqdim etishga oid yangi maqsadlar ham belgilanmoqda. Jumladan, 374-bandda kompozit va proaktiv tarzda ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari sonini kamida 400 taga yetkazish rejalashtirilgan. Bu, oddiy aytganda, fuqaro alohida-alohida yugurib yurmaydigan, xizmatlar “o‘zi kelib” hal bo‘ladigan tizimni kuchaytirishni anglatadi.

Raqamlashtirish yo‘nalishida 375-bandga ko‘ra, mavjud 40 million hujjatdan 25 millionini raqamli ko‘rinishga o‘tkazish vazifasi qo‘yilgan. Shu bilan birga, 376-band doirasida “Raqamli hukumat” tizimining yagona platformasiga ulangan servislar sonini 700 taga yetkazish, hujjatlar va munosabatlarning raqamli shaklda bo‘lishini ta’minlash rejalashtirilmoqda.

Xizmatlar sifati va tezkorligini yanada oshirish uchun 377-bandda 100 tadan ortiq davlat xizmatini ko‘rsatish muddatlarini 50 foizga qisqartirish ko‘zda tutilgan. Qo‘shimcha ravishda, 378-bandda 500 taga yaqin davlat xizmatlarini ko‘rsatish tartib-taomillarini soddalashtirish rejalashtirilgan. Ya’ni “qog‘oz-qog‘oz” deb asabni yeydigan ayrim bosqichlar kamayishi kutilyapti.

Shuningdek, 379-bandga muvofiq davlat xizmatlarining 40 foizini xususiy sektorga o‘tkazish maqsad qilingan. Arxiv sohasidagi xizmatlarni kengaytirish bo‘yicha esa 380-bandda arxiv sohasida davlat xizmatlari sonini 14 taga yetkazish vazifasi belgilangan.

Qisqasi, loyihadagi ushbu rejalar amalga oshsa, davlat xizmatlari “navbat–muhr–kserokopiya” davridan chiqib, haqiqatan ham tez, qulay va raqamli tizimga aylanishi kutilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » O‘zbekiston » “O‘zbekiston–2030”da davlat xizmatlari tezkor va raqamli bo‘ladi