date

Buxoroda Damas va Labolar nega ushlab turilayotganiga aniq izoh berildi

Buxoroda Damas va Labolar nega ushlab turilayotganiga aniq izoh berildi

Ijtimoiy tarmoqlar va ayrim internet nashrlarida “Shofirkon tumanida yuzlab Damas va Labo rusumli avtomashinalar hujjatsiz ushlab turildi” degan mazmundagi xabarlar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi rasmiy tushuntirish berdi.

Aniqlanishicha, 2026 yil 7 yanvar kuni soat 14:12 da Shofirkon tuman kasalxonasi shifokori tomonidan hududda yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgani haqida Ichki ishlar organlariga murojaat kelib tushgan. Hodisa oqibatida 2011 yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan fuqaro M.T. turli tan jarohatlari bilan tibbiy muassasaga olib kelingan.

Tergovga qadar tekshiruv jarayonida bola velosipedda harakatlanayotgan paytda orqadan kelayotgan oq rangli “Damas” avtomashinasi bilan to‘qnashgani, haydovchi esa jabrlanuvchiga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatmasdan, uni xavf ostida qoldirib, voqea joyidan yashiringani ma’lum bo‘lgan.

Shu holatdan kelib chiqib, jinoyatni tez fosh etish, gumon qilinayotgan transport vositasi va haydovchini topish maqsadida qonunchilikda belgilangan tartibda tezkor-qidiruv hamda protsessual tadbirlar amalga oshirilgan. Xususan, Shofirkon tumani hududida harakatlanayotgan oq rangli “Damas” va “Labo” rusumli avtomashinalar tekshiruvdan o‘tkazilgan.

Rasmiy ma’lumotda qayd etilishicha, ushbu transport vositalari faqat tekshiruv maqsadida vaqtincha to‘xtatilgan va belgilangan tartibda ko‘zdan kechirilgan. Qonunbuzilish aniqlanmagan avtomashinalar egalariga darhol qaytarilgan, haydovchilar bilan profilaktik tushuntirish ishlari ham olib borilgan.

Shuningdek, 2026 yil 9 yanvar kuni soat 00:00 holatiga ko‘ra, ekspert-kriminalistik tekshiruv natijasida mazkur YTHni sodir etgan gumonlanuvchi shaxs G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan B.U. ekani aniqlangan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa 2026 yil 7 yanvar kuni soat 11:50 atrofida sodir bo‘lgan va gumonlanuvchi o‘z aybiga iqror bo‘lgan.

Unga tegishli oq rangli “Damas” avtomashinasi ham topilgan. Hozirda mazkur holat yuzasidan amaldagi qonunchilik doirasida tegishli protsessual choralar ko‘rilmoqda.

Buxoro viloyati IIB, shuningdek, ayrim xabarlarda keltirilgan “haydovchilar kasal fuqarolarni tashib kelayotgani yoki qariya ota-onalarini ko‘rish uchun yo‘lga chiqqan bo‘lsa ham uzoq vaqt ushlab turilgan” degan ma’lumotlar rasmiy tarzda tasdiqlanmaganini bildirgan. Qayd etilishicha, ushbu mazmunda ichki ishlar organlariga hech qanday murojaat yoki shikoyat kelib tushmagan.

Ta’kidlanishicha, barcha amalga oshirilgan tadbirlar fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, jinoyatni fosh etish va qonun ustuvorligini ta’minlash maqsadida, amaldagi qonunchilik talablariga qat’iy rioya etilgan holda bajarilgan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » O‘zbekiston » Buxoroda Damas va Labolar nega ushlab turilayotganiga aniq izoh berildi