Harbiy xizmatni o‘taganlarga foizsiz ta’lim krediti ajratiladi

O‘zbekistonda muddatli harbiy xizmatdan qaytgan yoshlar oliy o‘quv yurtida tahsil olmoqchi bo‘lsa, ularning xorijiy til va fan sertifikatini olish xarajatlari davlat tomonidan qoplab beriladi.
Agar ular oliygohlarga kontraktga kirsa, foizsiz ta’lim krediti ajratiladi. Bu haqda Xavfsizlik kengashining 13 yanvar kungi yig‘ilishida prezident Shavkat Mirziyoyev ma’lum qildi.
Davlat rahbariga ko‘ra, muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan askarlarga harbiy qismning o‘zida oliygohga o‘qishga kirish uchun imtihon topshirish imkoniyati yaratiladi. Test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tib, talabalikka qabul qilingan askarlar muddatli harbiy xizmat yakunlanishi bilan oliygohda o‘qishini boshlaydi.
Shuningdek, armiyadan qaytib davlat tashkilotlariga ishga kirmoqchi bo‘lgan yoshlar uchun Boshqaruv samaradorligi agentligi tomonidan o‘tkaziladigan test ballariga 10 foizlik imtiyoz berish amaliyoti joriy qilinadi. Xususiy sektorda faoliyat yuritmoqchi bo‘lgan yoshlarga esa kasb egallash va sertifikat olish xarajatlari to‘lab beriladi.
“Bir so‘z bilan aytganda, “muddatli harbiy xizmatni o‘tash – yoshlar uchun muvaffaqiyat yo‘li”ga aylanishi kerak”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!