Toshkent Markaziy Osiyoda eng xavfsiz shahar sifatida e’tirof etildi

Toshkent shahri rasman Markaziy Osiyodagi eng xavfsiz megapolis sifatida e’tirof etildi. Numbeo xalqaro analitik portali tomonidan 2025 yil yakunlari asosida tuzilgan xavfsizlik reytingiga ko‘ra, O‘zbekiston poytaxti mintaqadagi barcha yirik shaharlar orasida eng yuqori natijani qayd etib, jahon reytingida 51-o‘rinni egalladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkent xavfsizlik indeksi bo‘yicha Qozog‘istonning Ostona shahri (81-o‘rin) hamda Olmaota (195-o‘rin)ni ortda qoldirgan. Shu bilan birga, u MDH davlatlari shaharlari ichida ham yetakchi bo‘lib, global reytingning ilk 100 taligiga kirgan to‘qqizta MDH shaharlari orasida birinchi pog‘onadan joy oldi.
Reytingda Rossiyaning qator yirik shaharlari ham yuqori o‘rinlarda qayd etilgan. Xususan, Nijniy Novgorod 56-o‘rin, Qozon 72-o‘rin, Kaliningrad 78-o‘rin, Moskva esa 99-o‘rinni egallagan.
Jahon miqyosida esa xavfsizlik borasida Yaqin Sharq shaharlari ustunligini saqlab qoldi. Eng xavfsiz uchlikka Abu-Dabi, Doha va Dubay kiritilgan. Shuningdek, Taypey, Sharja, Manama, Maskat, Gaaga, Myunxen va Trondxaym shaharlari ham eng xavfsiz o‘ntalikdan o‘rin olgan.
Numbeo mutaxassislarining ta’kidlashicha, xavfsizlik indeksi faqat jinoyatchilik ko‘rsatkichlari bilan cheklanib qolmaydi. U huquqni muhofaza qilish organlari faoliyati samaradorligi, jamoat tartibi darajasi, shahar infratuzilmasining rivojlanganligi, shuningdek, aholi va sayyohlarning xavfsizlik haqidagi subyektiv fikrlari asosida shakllantiriladi. Bu esa shahardagi umumiy hayot sifati haqida keng va nisbatan xolis tasavvur hosil qilish imkonini beradi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!