Retseptli dorilar narxi pasaydi: qaysi preparatlar arzonlashdi?

2026 yil 1 iyuldan boshlab O‘zbekistonda retsept asosida sotiladigan 2,5 ming nomdagi dori vositalari uchun yangi cheklangan narxlar joriy etildi. Natijada qator dori preparatlarining narxi sezilarli darajada pasaydi.
Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi ma’lumotiga ko‘ra, yangi referent narxlar asosida ayrim dorilar 50 foizgacha arzonlashtirilgan.
Jumladan:
antibiotiklar va mikroblarga qarshi preparatlar narxi 50,1 foizgacha;
yurak-qon tomir kasalliklarini davolashda qo‘llaniladigan dorilar 37 foizgacha;
asab tizimi uchun mo‘ljallangan preparatlar 40 foizgacha;
yallig‘lanishga qarshi va og‘riq qoldiruvchi vositalar esa 42 foizgacha arzonlashtirildi.
Agentlik matbuot kotibi Anvarxon Akabirovning ta’kidlashicha, yangi referent narxlar kuchga kirgani sababli mazkur dori vositalarini avvalgi narxlarda sotishga yo‘l qo‘yilmaydi. Soliq qo‘mitasining axborot tizimlari referent narxdan yuqori qiymatda rasmiylashtirilgan elektron hisobvaraq-fakturalarni avtomatik ravishda aniqlaydi va bunday hujjatlarni rasmiylashtirish imkoniyati cheklanadi.
Qayd etilishicha, dori vositalari narxlarini davlat tomonidan tartibga solish amaliyoti izchil davom ettirilmoqda. Referent narxlar tizimi dori narxlarining asossiz oshirilishining oldini olish, shuningdek, farmatsevtika bozorida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash maqsadida joriy etilgan.
Yangi narxlarni shakllantirishda xalqaro tajriba asos qilib olinadi. Bunda referent davlatlardagi o‘rtacha narxlar, preparat ishlab chiqarilgan mamlakatdagi qiymatlar hamda so‘nggi bir yil ichida O‘zbekistonga import qilingan dori vositalari bo‘yicha tuzilgan shartnomalar narxlari inobatga olinadi.
Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, retsept asosida sotiladigan dori vositalarining cheklangan narxlari pharm.gov.uz saytida e’lon qilingan. Shuningdek, fuqarolar PharmUz mobil ilovasi orqali dori vositalarining belgilangan maksimal narxlari va dorixonalardagi amaldagi chakana narxlarini mustaqil ravishda taqqoslab tekshirishi mumkin.






























Izohlar 0
…