Oʻzbekiston va Malayziya “Umra+” doirasida ziyorat turizmi hamkorligini kengaytirmoqda

Kuala-Lumpur shahrida Oʻzbekiston elchixonasi ko‘magida “Umra+” ziyorat turizmi dasturini targ‘ib qilishga bag‘ishlangan media-brifing bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Oʻzbekiston Ziyorat uyushmasi, “Uzbekistan Airways” AJ, Malayziyaning MATA, Bumitra va PAPUH turistik uyushmalari, shuningdek mahalliy turkompaniyalar va OAV vakillari qatnashdi. Bu haqda uzdaily.uz xabar beradi.
Uchrashuvda Oʻzbekistonda ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar hamda Malayziya va Indoneziyadan keladigan ziyoratchilar oqimini 2026–2027 yillarda 100 ming nafarga yetkazish rejalari taqdim etildi. Shuningdek, ziyoratchilar uchun yaratilayotgan sharoitlar va ushbu yo‘nalishda ishlayotgan turoperatorlar uchun nazarda tutilgan imtiyozlar muhokama qilindi.
Brifing davomida islom sivilizatsiyasi tarixida muhim o‘rin tutadigan Toshkent, Samarqand va Buxoro kabi shaharlarga alohida e’tibor qaratildi. Prezident tashabbusi bilan barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom al-Buxoriy majmuasi tadbir ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Tadbir doirasida Oʻzbekistonning “Umra” ziyorat uyushmasi va Malayziya turistik operatorlar assotsiatsiyasi (MATA) o‘rtasida “Umra+” dasturi bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolandi va qo‘shma amaliy loyihalarga start berildi. Asosiy kelishuvlardan biri — 2026 yil iyun oyida Malayziya va Oʻzbekistonda ziyorat turizmi bo‘yicha xalqaro ko‘rgazma o‘tkazishdir.
MATA raisi o‘rinbosari Jefri Sulaymon memorandum ikki davlat o‘rtasida ziyorat turizmini kengaytirish uchun tarixiy poydevor yaratishini, Oʻzbekiston salohiyatini Malayziya bozorida tizimli targ‘ib qilishga xizmat qilishini ta’kidladi. Uning aytishicha, 2026 yil 21–23 iyun kunlari Kuala-Lumpurda ilk bor “Umra+ va ziyorat turizmi” xalqaro ko‘rgazmasi tashkil etiladi.
Haj va umra ziyoratchilarini yuboruvchi Malayziya turistik kompaniyasi rahbari Abdul Rahim bin Abdulla 2025 yilda kompaniyasi Oʻzbekistonga bir nechta guruhlarni yo‘llaganini bildirib, malayziyaliklarning mamlakatning tarixiy-madaniy merosi, muqaddas qadamjolari va qadimiy shaharlariga qiziqishi yuqoriligini qayd etdi. U ziyoratchilar uchun yaratilgan infratuzilma va qulayliklarni ham ijobiy baholadi.
Ikki davlat o‘rtasida haftasiga sakkiz marta amalga oshirilayotgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar aloqalarni yanada qulaylashtirib, ziyorat turizmi o‘sishiga turtki bermoqda. Imzolangan memorandum va qo‘shma tashabbuslar Oʻzbekistonni xalqaro ziyorat turizmi markazi sifatida faol ilgari surish hamda Malayziya bilan turistik hamkorlikni mustahkamlash uchun zamin yaratadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!