date

Mobil aloqada yangi qoidalar: abonentlarga katta yengillik beradi

Mobil aloqada yangi qoidalar: abonentlarga katta yengillik beradi

Adliya vazirligi Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda telekommunikatsiyalar xizmatlarini ko‘rsatish qoidalarining yangi tahririni davlat ro‘yxatidan o‘tkazgani haqida xabar berildi. Yangilangan tartibning asosiy maqsadi oddiy abonent uchun “ovoragarchilikni” kamaytirish, xizmatlarni tushunarli va adolatli qilish.

Quyida hujjatda belgilangan eng muhim yangiliklar:

1. Raqam “o‘chib ketishi” uchun muddat uzaytiriladi

Mobil aloqa abonentining shaxsiy hisobida pul yetarli bo‘lmay, xizmatdan foydalanish davom etmasa, operator bilan tuzilgan shartnomani bekor qilish (“mavjud bo‘lmagan raqam” holatiga o‘tkazish) muddati 2 oy emas, 1-yil bo‘lishi ko‘zda tutilmoqda. Ya’ni raqamingiz tezda “yo‘qolib qolmaydi”, vaqti ko‘proq bo‘ladi.

2. Tarifni bepul almashtirish imkoni

Abonent amaldagi tarif rejasini istalgan boshqa tarif rejasiga bepul almashtira oladi. Faqat muayyan guruh yoki cheklangan hudud uchun maxsus qilingan alohida tariflarga o‘tish istisno sifatida qayd etilgan.

3. Tarif o‘zgarsa 15 kun oldin ogohlantirish shart

Agar tarif shartlari o‘zgarsa, abonentlar kamida 15 kun oldin OAV, rasmiy veb-sayt yoki SMS orqali majburiy tarzda xabardor qilinishi belgilangan. Bu “ertaga narx o‘zgaribdi” degan syurprizlarni kamaytiradi.

4. Sayyor xizmat yo‘lga qo‘yiladi

Xizmat ko‘rsatish punktiga borish imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun yashash joyiga borib xizmat ko‘rsatish, shuningdek olis va yetib borish qiyin hududlarda sayyor mobil aloqa xizmatlarini tashkil etish ko‘zda tutilmoqda.

5. Hisobni ataylab qarzga kiritib qo‘yish taqiqlanadi

Tarif bo‘yicha abonent to‘lovi va xizmat uchun mablag‘ yechishda hisobni salbiy holatga, ya’ni qarzdorlikka tushirib yuborishga yo‘l qo‘yilmasligi qayd etilgan.

6. Virtual qabulxonaga kecha-kunduz bepul qo‘ng‘iroq

Prezident virtual qabulxonasining ishonch telefonlariga 24/7 tartibda bepul qo‘ng‘iroq qilish belgilangani aytildi.

7. Raqamni ko‘chirish tezlashadi

Mobil aloqa tarmoqlarida abonent raqamini ko‘chirish (MNP) 8 ish soati emas, 20 daqiqa ichida amalga oshirilishi belgilanmoqda.

8. Pullik kontent xizmatlarida “yopishib olish”ga yo‘l yo‘q

Abonentlarning eng ko‘p asabini yeydigan mavzulardan biri ham tartibga solinyapti. Pullik qo‘shimcha xizmatlarga obuna qilish bo‘yicha yangi tartibga ko‘ra:

  • xizmatlarni faollashtirish operatorning mobil ilovasi yoki USSD kodlar orqali amalga oshiriladi;
  • abonentning aniq roziligisiz xizmatni avtomatik ulash yoki avval bepul bo‘lgan xizmatni pullikka aylantirish mumkin emas;
  • kontent provayderlar beriladigan barcha pullik xizmatlar boshidan nofaol holatda bo‘lishi shart.

Qachondan ishlaydi?

Ma’lum qilinishicha, hujjat rasmiy e’lon qilingan kundan 3 oy o‘tgach, ya’ni 27-apreldan kuchga kirishi belgilangan.

Xulosa bitta: yangi qoidalar amalda to‘liq ishlasa, abonent uchun “mayda” ko‘ringan, lekin hayotda juda ko‘p bosh og‘ritadigan masalalar ancha yengillashadi. Eng muhimi — xizmatlar ochiqroq, rozilik aniqroq, tartib esa tezroq bo‘lishi kerak.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » O‘zbekiston » Mobil aloqada yangi qoidalar: abonentlarga katta yengillik beradi