O‘zbekiston prezidenti Turkiyaga rasmiy tashrif bilan boradi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29 yanvar kuni Turkiya prezidenti Redjep Tayyip Erdog'an taklifiga binoan Turkiya Respublikasiga rasmiy tashrif amalga oshiradi. Bu haqda uzdaily.uz xabar beradi.
Anqarada bo‘lib o‘tadigan uchrashuvlar doirasida ikki davlat rahbarlari hamraisligida Strategik hamkorlik kengashining to‘rtinchi yig‘ilishi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Muzokaralarning asosiy mavzusi O‘zbekiston—Turkiya munosabatlarini keng qamrovli strategik sheriklik doirasida yanada rivojlantirish bo‘ladi. Xususan, siyosiy muloqotni chuqurlashtirish, o‘zaro savdo hajmini oshirish, iqtisodiyotning ustuvor yo‘nalishlarida qo‘shma loyihalarni jadallashtirish hamda transport bog‘liqligini mustahkamlash masalalari muhokama qilinadi.
Shuningdek, madaniy-gumanitar almashinuvni davom ettirish hamda xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashish ko‘zda tutilgan.
Yuqori darajadagi uchrashuvlar yakunida muhim hujjatlar to‘plami imzolanishi kutilmoqda. Tashrif dasturidan ikki mamlakat yetakchilari ishtirokidagi bir qator gumanitar tadbirlar ham o‘rin olgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!