Mirziyoyev va Erdo‘g‘an Anqarada sheriklik natijalarini sarhisob qildi

Anqara shahrida bo‘lib o‘tgan Oliy darajadagi O‘zbekiston–Turkiya Strategik hamkorlik kengashining to‘rtinchi yig‘ilishi yakunida davlat rahbarlari — Shavkat Mirziyoyev va Rajab Toyyib Erdo‘g‘an ommaviy axborot vositalari vakillari oldida bayonot berib, muzokaralar natijalarini birma-bir jamlab chiqdi.
Shavkat Mirziyoyev avvalo turkiyalik hamkasbiga ko‘rsatilgan samimiy mehmondo‘stlik, yuqori saviyadagi qabul va kengash doirasidagi mazmunli suhbatlar uchun minnatdorlik bildirdi. Suhbatda Turkiyaning so‘nggi yillarda turli sohalarda katta yutuqlarga erishayotgani, xalqaro maydondagi nufuzi va e’tirofi alohida qayd etildi.

Yetakchilarning ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda O‘zbekiston–Turkiya do‘stligi va keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlari sifat jihatidan yangi pog‘onaga ko‘tarildi. Bu gap quruq shior emas — raqamlar ham shunga ishora qilyapti: o‘tgan yili o‘zaro savdo hajmi 3 milliard dollardan oshgan, qo‘shma korxonalar soni 2,2 mingdan ko‘p bo‘lgan, o‘zlashtirilgan investitsiyalar umumiy hajmi esa qariyb 10 milliard dollarni tashkil etgani aytildi. Haftasiga 100 ga yaqin aviaqatnov amalga oshirilayotgani ham munosabatlar “qog‘ozda emas, amalda” ekanini ko‘rsatadi.
Shuningdek, Turkiyaning yetakchi kompaniyalari ishtirokida 9 milliard dollarlik loyihalar portfeli shakllangani, kengash yig‘ilishlarini muntazam o‘tkazish hamda Hukumatlararo komissiya va Strategik rejalashtirish guruhi mexanizmlarini yanada samarali ishlatish bo‘yicha qarorlar qabul qilingani ma’lum qilindi.

Xalqaro maydonda ham ikki tomon “bir-birini qo‘llab-quvvatlash” tamoyilini davom ettirishini bildirib, BMT, Islom hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti va boshqa tuzilmalar doirasida hamkorlik izchil kuchayib borishi aytildi.
Eng katta maqsadlardan biri — savdo hajmini 5 milliard dollarga yetkazish. Bunga Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim doirasida tovarlar turini kengaytirish, ustuvor tarmoqlarda sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish orqali erishish rejalashtirilmoqda.

Gap faqat iqtisod emas: madaniy va gumanitar almashinuvlarga ham alohida urg‘u berildi. Jumladan, birgalikda teatr va kino haftaliklari, badiiy ko‘rgazmalar o‘tkazish, shuningdek, ziyorat turizmini rivojlantirish masalalari kun tartibida ekani qayd etildi.
Yig‘ilish yakunlaridan kelib chiqib, erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish uchun ikki mamlakat hukumatlari tomonidan keng qamrovli “yo‘l xaritasi” qabul qilinishi ta’kidlandi. Qisqasi, Anqaradagi uchrashuv “gap ko‘p, ish kam” formati emas — aksincha, ishlarni tezlatadigan, aniq yo‘nalish berib ketadigan kelishuvlar paketi bo‘ldi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!