Markaziy bank: 2025 yil P2P o‘tkazmalarda kichik summalar mutlaq ustun

Markaziy bank 2025 yildagi P2P (kartadan kartaga) o‘tkazmalar bo‘yicha tahliliy statistik ma’lumotlarni ochiqladi. Qayd etilishicha, o‘tgan yil davomida karta orqali amalga oshirilgan o‘tkazmalarning katta qismi kundalik hisob-kitoblar, mayda to‘lovlar va odamlar o‘rtasidagi oddiy o‘zaro pul almashinuvi uchun qo‘llanilgan.
Eng qizig‘i — umumiy tranzaksiyalarning deyarli yarmi kichik summaga to‘g‘ri kelgan. Aniq raqamlarda aytsak, barcha o‘tkazmalarning 46,1 foizi 1 million so‘mgacha bo‘lgan operatsiyalardan iborat. Ya’ni, yil davomida amalga oshirilgan har ikkinchi o‘tkazma — “katta pul” emas, balki odatiy, kundalik ehtiyojlar uchun yuborilgan mablag‘ bo‘lgan.
Statistikada keyingi toifalar ham diqqatga sazovor. 1–5 million so‘m oralig‘idagi P2P o‘tkazmalar ulushi 16,8 foizni tashkil etgan. 5–10 million so‘m atrofidagi o‘tkazmalar esa 8,6 foizga teng.
Kattaroq summalarga kelsak, 10 million so‘mdan 50 million so‘mgacha bo‘lgan o‘tkazmalarning ulushi 18,3 foiz bo‘lgani qayd etilgan. 50–100 million so‘m diapazonidagi o‘tkazmalar 5,4 foizni, 100–200 million so‘m oralig‘idagilar 3,2 foizni tashkil etgan. 200–500 million so‘m atrofidagi P2P o‘tkazmalar esa 1,4 foiz ulush bilan qayd etilgan.
Eng yuqori segmentdagi operatsiyalar nisbatan kam: jami o‘tkazmalarning 0,2 foizi 500 million so‘mdan ortiq summalarga to‘g‘ri kelgan.
Xulosa qilib aytganda, 2025 yilgi raqamlar P2P o‘tkazmalarning asosiy qismi hali ham “kundalik hayot pul aylanmasi” ekanini ko‘rsatyapti: odamlar ko‘proq mayda va o‘rta summadagi to‘lovlarni karta orqali tez va qulay usulda amalga oshirgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!