Aliment to‘lovlari keskin oshdi: Endi qancha to‘lanadi?

O‘zbekistonda o‘rtacha oylik maosh miqdorining o‘sishi ortidan rasmiy daromadga ega bo‘lmagan shaxslar uchun aliment hisoblashda qo‘llaniladigan summalar ham yangilandi. Bu haqda “Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti ma’lum qildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 140-moddasiga muvofiq, agar aliment to‘lovchi fuqaro ishsiz bo‘lsa yoki uning daromadini tasdiqlaydigan hujjatlar taqdim etilmagan bo‘lsa, aliment qarzi mamlakatdagi o‘rtacha oylik ish haqi asosida hisob-kitob qilinadi.
Majburiy ijro byurosi keltirgan ma’lumotlarga qaraganda, aliment to‘lovchilarning 61 foizi ish bilan band emas yoki doimiy daromad manbaiga ega hisoblanmaydi. Shu bois mazkur yangilanish ko‘plab fuqarolar uchun muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Joriy yilning 28 aprel sanasidan e’tiboran O‘zbekistonda o‘rtacha oylik ish haqi ko‘rsatkichi 6,8 million so‘mdan yuqori miqdorga yetgani sababli, rasmiy daromadga ega bo‘lmagan shaxslar uchun aliment hisoblashdagi summalar ham oshirildi.
Yangi hisob-kitoblarga ko‘ra, taxminiy aliment to‘lovlari quyidagicha shakllanmoqda:
— bir nafar farzand uchun — 1,7 million so‘m;
— ikki nafar farzand uchun — 2,3 million so‘m;
— uch va undan ortiq farzand uchun — 3,4 million so‘m atrofida.
Ma’lum qilinishicha, qayta hisoblash jarayoni amaldagi qonunchilik talablari asosida avtomatik ravishda amalga oshiriladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!