"Ikkinchi imkon" loyihasi qamalib chiqqan yoshlarni kasbga olib kiradi

Yig‘ilishda jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tab bo‘lgan yoshlarning jamiyatga tezroq moslashishi masalasi eng muhim yo‘nalishlardan biri sifatida ko‘tarildi. Ta’kidlanishicha, bunday yoshlar “hayotga qaytish” bosqichida ko‘p to‘siqqa duch keladi, shuning uchun ularga aniq yo‘l, amaliy kasb va barqaror daromad manbai kerak.
Ana shu maqsadda “Ikkinchi imkon” loyihasi ishga tushirilishi ma’lum qilindi. Loyiha doirasida jazo muddatini o‘tab chiqqan yoshlar 8–12 oylik intensiv kurslarda zamonaviy yo‘nalishlar bo‘yicha o‘qitiladi. Xususan, dasturlash, veb-dizayn, kompyuter muhandisligi, boshqa talab yuqori bo‘lgan kasblar hamda xorijiy tillar o‘rgatiladi. Yakunda ularning daromadli ishga ega bo‘lishi, ya’ni “qayta boshlash”i uchun amalda yordam berilishi ko‘zda tutilgan.
Ma’lum qilinishicha, ushbu tizim 1-iyundan Navoiy, Qashqadaryo va Toshkent viloyatida start oladi. Kelasi yildan esa loyihani mamlakatning barcha hududlariga kengaytirish rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbari so‘zini yakunlagandan keyin yoshlar bilan ochiq muloqot boshlangan. Ayni paytda tadbirda mutasaddilarning hisobotlari eshitilyapti, yoshlarning taklif va tashabbuslari tinglanmoqda.
Qisqasi, “Ikkinchi imkon” — nomiga mos loyiha: u yoshlarning o‘tmishini emas, kelajagini ustun qo‘yadi. Agar tizim to‘g‘ri ishlasa, bu minglab yoshlar uchun real start, jamiyat uchun esa xavfni kamaytirib, foydali kadrlarni ko‘paytiruvchi kuchli qadam bo‘ladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!