date

Mirziyoyevning yangi qarori ayollar va bolalar himoyasini kuchaytiradi

Mirziyoyevning yangi qarori ayollar va bolalar himoyasini kuchaytiradi

3 mart kuni Shavkat Mirziyoyev ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilishni yanada mustahkamlash, ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olishga qaratilgan takliflar hamda yangi tashabbuslar bilan tanishdi. Taqdimotda keng jamoatchilik, soha mutaxassislari va ilg‘or xalqaro tajriba asosida ishlab chiqilgan choralar ko‘rib chiqildi. Davlat rahbari ushbu tashabbuslarni ma’qullab, tegishli farmonni imzoladi.

Eng katta e’tibor jamiyatda qattiq muhokama qilinayotgan masalalarga qaratildi. Xususan, shahvoniy shilqimlik uchun belgilangan ma’muriy jazoni yanada qat’iylashtirish, pedofillar uchun esa umrbod ozodlikdan mahrum qilishgacha bo‘lgan jazo chorasini belgilash taklifi ilgari surildi. Shuningdek, voyaga yetmaganlarga qarshi jinsiy jinoyat sodir etgan shaxslarni manzil-koloniyalarga o‘tkazmaslik, ayrim jinsiy jinoyatlar bo‘yicha tergov vakolatini ichki ishlar organlaridan prokuraturaga o‘tkazish ham ma’qullangan muhim qadamlar qatorida bo‘ldi.

Yangi tashabbuslarda ayollar va bolalarga qarshi zo‘ravonlik ishlarini maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan advokatlar, tergovchilar va sudyalar ko‘rishiga alohida urg‘u berildi. Bundan tashqari, zo‘ravonlikdan jabrlangan, himoya orderi berilgan xotin-qizlar xavfsizligini kuchaytirish uchun ularning telefoniga maxsus “SOS” ilovasini o‘rnatish taklifi bildirildi. Unga ko‘ra, chaqiruv tugmasi bosilganda 5 kilometr radiusdagi ichki ishlar xodimlari 10 daqiqa ichida manzilga yetib kelishi kerak bo‘ladi.

Taqdimotda erta nikoh va erta yoshdagi homiladorlik masalasi ham alohida ko‘tarildi. Qayd etilishicha, nikohlarning katta qismi 18–19 yoshdagilar o‘rtasida tuzilmoqda, ammo xalqaro tavsiyalarda 21 yosh eng maqbul nikoh yoshi sifatida ko‘rsatiladi. Shu asosda, 21 yoshga yetgan shaxslar o‘rtasida nikohni rag‘batlantirish uchun qo‘shimcha moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini joriy etish, davlat bojida imtiyoz berish orqali nikoh shartnomalarini ko‘paytirish taklif etildi.

Shu bilan birga, erta nikoh va 16 yoshgacha bo‘lgan homiladorlik holatlari haqida ichki ishlar organlari hamda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlariga xabar berish bo‘yicha maxsus idoralararo tizimni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Eng diqqatga sazovor jihatlardan biri — ana shunday holatlar haqida xabar bermaslik uchun ma’muriy javobgarlik belgilash taklifining ma’qullanganidir. Bu orqali yashirin qolib ketayotgan holatlarni aniqlash samaradorligini oshirish ko‘zlanyapti.

Yana bir muhim yangilik — homilador yoki 3 yoshgacha bo‘lgan farzand tarbiyasi bilan band talaba qizlar uchun ta’limni davom ettirish imkonini saqlab qolish choralari. Bu tashabbus ularning o‘qishdan chiqib ketishining oldini olish va hayotiy imkoniyatlarini cheklab qo‘ymaslikka qaratilgan.

Qisqasi, yangi qarorlar nafaqat jazoni kuchaytirish, balki ayollar va bolalar xavfsizligini tizimli tarzda himoya qilish, erta nikoh va zo‘ravonlikka qarshi kurashishni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan. Bu tashabbuslar amalga to‘liq tatbiq etilsa, jamiyatda ancha sezilarli o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » O‘zbekiston » Mirziyoyevning yangi qarori ayollar va bolalar himoyasini kuchaytiradi