date

Dorixonalarda qoidalarni buzganlik uchun jarimalar oshirildi

Dorixonalarda qoidalarni buzganlik uchun jarimalar oshirildi

O'zbekistonda tarkibida kuchli ta'sir qiluvchi moddalar mavjud bo'lgan dori vositalarini retsept bo'yicha sotish tartibini buzganlik uchun javobgarlik choralari sezilarli darajada kuchaytirildi. Qonunchilikka kiritilgan yangi o'zgartirishlarga ko'ra, endilikda dorixona xodimlari tomonidan yo'l qo'yilgan qoidabuzarliklar uchun jarimalar miqdori ikki baravarga oshirildi. Agar avval ushbu huquqbuzarlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan 100 baravarigacha jarima belgilangan bo'lsa, endilikda bu ko'rsatkich 100 baravaridan 200 baravarigacha etib belgilandi. 2026 yil mart oyi holatiga ko'ra, mamlakatimizda bazaviy hisoblash miqdori 412 ming so'mni tashkil etishini inobatga olsak, qoidabuzarlar juda katta miqdordagi jarimalarni to'lashlariga to'g'ri keladi.

Shuningdek, qonunchilikda takroriy huquqbuzarliklar uchun jinoiy javobgarlik ham qat'iylashtirildi. Ma'muriy jazo qo'llanilganidan keyin yoki dori vositalarini ko'p miqdorda noqonuniy sotish holatlari aniqlansa, aybdor shaxslarga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravaridan 300 baravarigacha jarima solinishi mumkin. Bundan tashqari, sud tomonidan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari, 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi belgilab qo'yildi. Ilgari jinoiy javobgarlik doirasidagi jarimalarning eng kam miqdori 100 baravarni tashkil etgan bo'lsa, yangi tartib bu boradagi nazoratni yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.

Ushbu chora-tadbirlar aholi salomatligini muhofaza qilish, ayniqsa, yoshlar o'rtasida kuchli ta'sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy aylanishini oldini olish maqsadida amalga oshirilmoqda. Davlat organlari dorixonalarda dori vositalarining retsept asosida berilishi ustidan nazoratni kuchaytirib, qonunbuzarliklarga qarshi murosasiz kurash olib borishni maqsad qilgan. Fuqarolardan dori vositalarini xarid qilishda belgilangan tartib-qoidalarga qat'iy rioya qilish hamda shifokor tavsiyasisiz kuchli ta'sir qiluvchi vositalarni iste'mol qilmaslik so'raladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » O‘zbekiston » Dorixonalarda qoidalarni buzganlik uchun jarimalar oshirildi