16:19 / 27.03.2017
7 255

Bosh prokuratura tuzilmasida yangi boshqarma tashkil etiladi

Bosh prokuratura tuzilmasida yangi boshqarma tashkil etiladi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 14 mart kuni “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorga imzo chekdi, deb yozadi Kun.uz.

Hujjatda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tuzilmasida Umumiy shtat birligi doirasida 21 shtat birligidan iborat bo‘lgan Qonuniylik va huquq-tartibotni ta’minlash muammolarini tahlil qilish boshqarmasi (keyingi o‘rinlarda — Boshqarma) tashkil etilishi belgilab qo‘yildi.

Boshqarmaning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:

huquqbuzarliklar sodir etilish sabab va shart-sharoitlarning, qonuniylik va huquq-tartibotni ta’minlashga ta’sir etuvchi omillarning, ayniqsa huquqbuzarliklarning salbiy dinamikasi kuzatilgan sohalarda tizimli tahlilini tashkil etish;

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining boshqa tarkibiy bo‘linmalari, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda huquqbuzarliklarning sodir etilishiga olib kelayotgan sabab va shart-sharoitlarni barham toptirishga qaratilgan ta’sirchan chora-tadbirlarni ishlab chiqish;

qonunchilik hamda huquqni qo‘llash amaliyotini yanada takomillashtirish, qonun hujjatlari buzilishiga, shuningdek huquqiy normalarni o‘zboshimchalik bilan, sub’ektiv, tanlov asosida talqin qilish faktlariga yo‘l qo‘ymaslik va ularni bartaraf etish, davlat idoralari va tashkilotlari faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlash;

huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning samaradorligi va natijadorligini tanqidiy tahlil qilish;

qonuniylik va huquq-tartibotni ta’minlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishning zamonaviy usul va shakllarini tatbiq etish borasida takliflar tayyorlash;

qonuniylik va huquq-tartibotni ta’minlash bo‘yicha dolzarb masalalar yuzasidan seminarlar, «davra suhbatlari», konferensiyalar, simpoziumlar va boshqa tadbirlarni tashkil etish hamda o‘tkazish;

qonuniylik va huquq-tartibotni ta’minlash sohasida ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish, uni O‘zbekiston Respublikasida joriy etish bo‘yicha takliflar tayyorlash.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuroriga Boshqarmaga noyuridik mutaxassislikdagi (iqtisodchilar, moliyachilar, sosiologlar va boshqalar) zarur bilim va tajribaga ega yuqori malakali kadrlarni ishga qabul qilish huquqi berildi.

Boshqarma xodimlariga lavozim maoshining 50 foizi miqdorida qo‘shimcha ustama haq belgilandi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Bosh prokuratura tuzilmasida yangi boshqarma tashkil etiladi