Mustaqillikning 35 yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik boshlandi

O‘zbekistonda davlat mustaqilligining 35 yilligini munosib nishonlashga qaratilgan muhim qaror qabul qilindi. Unga muvofiq, ushbu sanaga tayyorgarlik ko‘rish va bayram tadbirlarini yuqori saviyada tashkil etish uchun respublika komissiyasi tarkibi tasdiqlandi.
Qayd etilishicha, komissiya mustaqillik bayramini Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri, barcha viloyatlar, tuman va shaharlarda, shuningdek, mahalla, qishloq va ovullarda keng qamrovda o‘tkazishni taʼminlaydi. Shu maqsadda konsepsiya asosida aniq chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, uning izchil ijrosi yo‘lga qo‘yiladi.
Bundan tashqari, ilm-fan, taʼlim, madaniyat va sanʼat vakillari, sportchilar hamda jamoatchilik faollaridan iborat ijodiy guruhlar shakllantiriladi. Ular ishtirokida aprel oyidan sentyabrga qadar butun respublika bo‘ylab «Mustaqillik to‘yi» nomli keng ko‘lamli maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, festivallar va ijtimoiy loyihalar amalga oshiriladi.
Yana bir muhim yangilik — milliy mustaqillik g‘oyalarini o‘zida mujassam etgan «Vatan fidoyilari» ramziy monumenti yaratiladi. Bu loyiha Badiiy akademiya, Madaniyat vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi hamda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan ishlab chiqilib, 2026 yil 1 iyunga qadar Vazirlar Mahkamasiga taqdim etiladi. Keyinchalik mazkur monument mamlakat bo‘ylab barpo etiladigan umummilliy birdamlik bog‘larining markaziy qismiga o‘rnatiladi.
Shu bilan birga, 2026 yil 1 avgustga qadar «Mustaqillik zafarnomasi» nomli maxsus kitob-albom tayyorlanadi. Unda mamlakatda turli sohalarda amalga oshirilgan islohotlar, qo‘lga kiritilgan yutuqlar va taraqqiyot natijalari yoritiladi.
Avgust oyida esa Toshkent shahrida «Mustaqil O‘zbekiston – 35 yillik taraqqiyot yo‘li: islohotlar, natijalar va istiqbollar» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, 1 sentyabrga qadar «Mustaqillikning 35 yilligi»ga bag‘ishlangan esdalik oltin tangasi ham zarb etiladi.
Ko‘rinib turibdiki, bu sana oddiy bayram emas — u butun mamlakat uchun katta ahamiyatga ega bo‘lgan tarixiy bosqich. Demak, bu yilgi mustaqillik bayrami nafaqat tantana, balki kelajakka ishonchni yana-da mustahkamlaydigan muhim voqeaga aylanadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!