date

Restoranlarda alkogol uchun naqd toʻlov qayta joriy etilishi mumkin

Restoranlarda alkogol uchun naqd toʻlov qayta joriy etilishi mumkin

Oʻzbekistonda umumiy ovqatlanish nuqtalari, kafe-restoranlar hamda mehmonxonalarda alkogol mahsulotlari uchun naqd pul orqali toʻlov qilish imkoniyatini qayta tiklash masalasi muhokama qilinmoqda.

21 aprel kuni soha tadbirkorlari bilan oʻtkazilgan ochiq muloqot davomida ushbu mavzu koʻtarildi. Uchrashuvda ishtirok etgan tadbirkorlar amaldagi faqat naqdsiz toʻlov tizimi ayniqsa xorijiy sayyohlar bilan ishlashda qiyinchiliklar keltirib chiqarayotganini taʼkidladi.

Soliq qoʻmitasi rahbari Farrux Poʻlatov bu muammoga munosabat bildirib, yaqin vaqt ichida yechim topilishi va amaldagi tartib qayta koʻrib chiqilishini maʼlum qildi. Uning aytishicha, ayrim texnik va tashkiliy kamchiliklar sababli mijozlar uchun noqulay vaziyatlar yuzaga kelmoqda.

“Bu – bizning aybimiz, eʼtiborsizligimiz. Bu boʻyicha ishlayapmiz va yaqin kunlarda yechim taqdim etamiz – toʻgʻrilab beramiz”, – dedi u.

Hozirgi tizimda ovqat uchun naqd toʻlov amalga oshirilishi mumkin boʻlsa-da, alkogol mahsulotlari faqat bank kartalari orqali sotilayotgani noqulayliklar keltirib chiqarmoqda. Bu holat turistlar uchun ham tushunmovchiliklarga sabab boʻlayotgani qayd etildi.

Savdo-sanoat palatasi rahbari Davron Vahobov ham bu tartib turizm sohasiga salbiy taʼsir koʻrsatayotganini taʼkidladi. Uning soʻzlariga koʻra, baʼzi sayyohlar naqd toʻlov qila olmasligi sabab xizmatdan voz kechib, mamlakatni tark etish holatlari ham uchramoqda:

“Agar xorijiy sayyoh mehmonxonada spirtli ichimliklarni naqd pulga sotib olmoqchi boʻlsa, u Uzcard yoki Humo kartasini ochish uchun bankka borishiga toʻgʻri keladi. Natijada ichishni xohlagan sayyoh ichgisi ham kelmay qolib, samolyotga oʻtirib, orqasiga qaytib ketyapti”.

Maʼlum qilinishicha, Soliq qoʻmitasi tomonidan mazkur masala boʻyicha maxsus hujjat loyihasi tayyorlangan. Unga koʻra, restoran va mehmonxonalarda alkogol mahsulotlari uchun ham naqd, ham naqdsiz toʻlov shakllarini joriy etish koʻzda tutilmoqda. Hozirda hujjat tegishli idoralar bilan kelishuv bosqichida.

Eslatib oʻtamiz, joriy yil 1 apreldan boshlab Oʻzbekistonda alkogol va tamaki mahsulotlarini sotishda faqat naqdsiz toʻlov tizimi joriy etilgan edi. Yangi tashabbus ushbu tartibni qisman yumshatishga qaratilgan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » O‘zbekiston » Restoranlarda alkogol uchun naqd toʻlov qayta joriy etilishi mumkin