O‘zgidromet tezkor ogohlantirish berdi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- 11–12-oktyabr kunlari O‘zbekistonning tog‘oldi va tog‘li hududlarida sel-suv toshqinlari yuzaga kelishi mumkinligi sababli O‘zgidromet tezkor ogohlantirish berdi.
- Bu hodisalar Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Navoiy, Jizzax, Toshkent, Namangan, Farg‘ona va Andijon viloyatlarining bir qator tumanlarida hamda Angren, Olmaliq va Xonabod shaharlarida kutilmoqda.
O‘zbekistonning tog‘oldi va tog‘li hududlarida yaqin kunlarda sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin. Bu haqda O‘zgidromet aholini ehtiyot choralarini ko‘rishga chaqirib, tezkor ogohlantirish bilan chiqdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 11–12 oktyabr kunlari respublika hududida yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda. Natijada tog‘oldi va tog‘li hududlarda sel-suv toshqinlari yuzaga kelish xavfi ortishi mumkin.
Jumladan, quyidagi hududlarda ehtiyotkorlik choralarini ko‘rish tavsiya etilgan:
Qashqadaryo viloyati: Yakkabog‘, Dehqonobod, Chiroqchi, Kitob, Shahrisabz, Qamashi, G‘uzor tumanlarida;
Surxondaryo viloyati: Sariosiyo, Uzun, Oltinsoy, Denov, Boysun, Sherobod, Sho‘rchi, Qumqo‘rg‘on, Muzrabot tumanlarida;
Samarqand viloyati: Urgut, Samarqand, Bulung‘ur, Nurobod, Qo‘shrabot, Kattaqo‘rg‘on, Payariq, Jomboy, Ishtixon tumanlarida;
Navoiy viloyati: Xatirchi, Navbahor, Nurota, Konimex, Karmana tumanlarida;
Jizzax viloyati: Zomin, Baxmal, G‘allaorol, Sharof Rashidov, Forish, Yangiobod tumanlarida;
Toshkent viloyati: Ohangaron, Bo‘stonliq, Parkent, Piskent, O‘rtachirchiq, Yuqorichirchiq tumanlarida, shuningdek, Angren va Olmaliq shaharlarida;
Namangan viloyati: Pop, Kosonsoy, Chortoq, Chust, Namangan, Yangiqo‘rg‘on tumanlarida;
Farg‘ona viloyati: So‘x, Shohimardon, Farg‘ona, Beshariq tumanlarida;
Andijon viloyati: Andijon, Asaka, Jalaquduq, Qo‘rg‘ontepa, Paxtaobod, Izboskan, Xo‘jaobod, Marhamat tumanlarida hamda Xonabod shahrida sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.
Shu munosabat bilan tog‘oldi va tog‘li hududlarda istiqomat qiluvchi fuqarolardan, shuningdek, dam oluvchilar va tog‘li hududlar orqali harakatlanayotgan haydovchilardan ehtiyotkorlik choralarini ko‘rish so‘ralgan.
Ayniqsa, yomg‘irli ob-havo sharoitida tog‘li hududlarda harakatlanish vaqtida ehtiyot choralariga rioya qilish, xavfli va suv oqimi yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan joylardan uzoqroq bo‘lish tavsiya etilmoqda.
Shuningdek, respublika hududining ayrim joylarida yomg‘ir suvlari to‘planishi ehtimoli mavjud. Bu esa pastqam hududlar va ayrim aholi yashash joylarini suv bosishiga olib kelishi mumkin.
Shu sababli mutaxassislar ob-havo bilan bog‘liq ogohlantirishlarni e’tiborsiz qoldirmaslik va zarur hollarda ehtiyot choralarini oldindan ko‘rish muhimligini ta’kidlamoqda.






























Izohlar 0
…