11:02 / 20.04.2017
7 209

​Shavkat Mirziyoyev va’dasini bajarmoqda! Navbat ichimlik suviga keldi

​Shavkat Mirziyoyev va’dasini bajarmoqda! Navbat ichimlik suviga keldi
Kelgusi 5 yil davomida mamlakatimiz bo‘ylab qariyb 9 ming kilometr ichimlik suvi tarmoqlari, 1400 ta quduq va 3600 ta suv inshooti qurilib, rekonstruksiya qilinadi, deya va’da bergandi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev saylovoldi nutqi davomida.

18 aprel kuni Shavkat Mirziyoyev aynan shu maqsadda "O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish davlat inspeksiyasini tashkil etish to‘g‘risida"gi farmonni imzoladi.
 
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

Respublika aholisini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlashni tubdan yaxshilash, suv ta’minoti va kanalizasiya tizimi ob’ektlarini samarali ekspluatasiya qilish, ichimlik suvi resurslaridan oqilona foydalanish, shuningdek, ichimlik suvidan foydalanishni davlat tomonidan nazorat qilishning yagona tizimini yaratish maqsadida: 

1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish davlat inspeksiyasi (keyingi o‘rinlarda “Davsuvinspeksiya” deb ataladi) Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish hududiy inspeksiyalari bilan birgalikda tashkil etilsin. 

2. Quyidagilar Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish davlat inspeksiyasining asosiy vazifalari etib belgilansin: 

ichimlik suvini oqilona va samarali ishlab chiqarish, etkazib berish va realizasiya qilish, kanalizasiya va oqova suvlarni tozalash xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi texnik jihatdan tartibga solishga doir qonun hujjatlari hamda normativ hujjatlar talablariga rioya etilishi; 

suv ta’minoti va kanalizasiya tashkilotlari tomonidan texnologik jarayonni takomillashtirishga va energiyani tejashga yo‘naltirilgan suv ta’minoti va kanalizasiya tizimi ob’ektlarining texnik auditdan o‘tkazilishi; 

suv ta’minoti va kanalizasiya tizimiga ulanishning texnik shartlari talablariga rioya etilishi, suv ta’minoti va kanalizasiya tizimiga o‘zboshimchalik bilan ulanib olishga yo‘l qo‘ymaslik; 

suv ta’minoti va kanalizasiya tizimi ob’ektlarining holati va ularni ishlatish shart-sharoitlari, suv ta’minoti va kanalizasiya tizimidagi buzilishlar va avariyalarning profilaktikasi hamda ularning oldini olish bo‘yicha ishlab chiqilgan tadbirlarning amalga oshirilishi, ichimlik suvi yo‘qotilishining belgilangan normalariga rioya etilishi; 

mulkchilik shakllaridan qat’i nazar, erosti suvlari quduqlarining holati va ularni ishlatish shart-sharoitlari yuzasidan davlat nazoratini amalga oshirish. 

3. Belgilansinki: 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyalari “Davsuvinspeksiya”ga bevosita hisobot beradilar; 

“Davsuvinspeksiya” va uning ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish hududiy inspeksiyalari O‘zbekiston Respublikasining suv ta’minoti va kanalizasiya sohasidagi davlat nazorati yagona tizimini tashkil etadi; 

“Davsuvinspeksiya” boshlig‘i O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadi va undan ozod etiladi; 

“Davsuvinspeksiya” boshlig‘i o‘z maqomiga ko‘ra vazirning birinchi o‘rinbosariga tenglashtiriladi; 

ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish bo‘yicha hududiy inspeksiyalar rahbarlari tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari taqdimnomasiga binoan “Davsuvinspeksiya” boshlig‘i tomonidan lavozimga tayinlanadi va undan ozod qilinadi. 

4. Belgilab qo‘yilsinki, “Davsuvinspeksiya” o‘z faoliyatini: 

ichimlik suvini oqilona va samarali ishlab chiqarish, etkazib berish va realizasiya qilish, ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish, kanalizasiya va oqova suvlarni tozalash xizmatlari ko‘rsatish masalalarida – Ichimlik suvi ta’minoti va kanalizasiya tizimlarini kompleks rivojlantirish hamda modernizasiya qilish dasturining amalga oshirilishini muvofiqlashtirish va monitoringini olib borish bo‘yicha Respublika komissiyasi bilan; 

suv ta’minoti va kanalizasiya sohasida normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, shuningdek, ichimlik suvi ishlab chiqarishning texnologik jarayoniga rioya qilish masalalarida – O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi bilan; 

erosti suvlari quduqlaridan samarali foydalanishni ta’minlash bo‘yicha tizimli monitoring olib borish, gidrogeologik axborotlarni tahlil qilish masalalarida – O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi bilan; 

ichimlik suvidan oqilona foydalanish, suv ta’minoti va kanalizasiya tizimiga o‘zboshimchalik bilan ulanib olinishiga yo‘l qo‘ymaslik masalalarida – mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan o‘zaro hamkorlikda amalga oshiradi. 

5. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish davlat inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini bir hafta muddatda taqdim etsin. 

6. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari – “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorik jamiyati boshqaruvi raisi A.J.Ramatov zimmasiga yuklansin. 

O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Shavkat Mirziyoyev

Toshkent shahri, 2017 yil 18 aprel 

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » ​Shavkat Mirziyoyev va’dasini bajarmoqda! Navbat ichimlik suviga keldi